Tramp Yaqin Sharqdagi urushni tugata oladimi?

Tahlil

image

Dunyoning superqudratli harbiy salohiyatga ega AQSH asta-sekin ramziy “toj”ni yechishga majbur bo‘lmoqda. Bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda Donald Tramp ma’muriyati tobora bosim ostida qolmoqda. Bir tomondan, Eronga qarshi harbiy harakatlar kutilgan natijani bermay, aksincha, iqtisodiy va siyosiy xarajatlarni oshirib bormoqda. Ikkinchi tomondan esa, AQSH ichkarisida inflyatsiya, byudjet bosimi va urush xarajatlari fonida jamoatchilikning sabr kosasi ham to‘lib bormoqda. Eng katta xavotir shundaki, bu mojaro tarixda AQSH uchun og‘riqli saboq bo‘lib qolgan Vetnam urushi ssenariysini eslatmoqda – uzoq davom etgan, aniq strategiyasiz va yakunida mag‘lubiyat bilan tugagan urush.

Trampning bugungi kecha-kunduzdagi asosiy o‘ylovi shuki, bu urushni qanday to‘xtatish mumkin? Harbiy eskalatsiya yo‘li siyosiy jihatdan xavfli, ortga chekinish esa zaiflik sifatida talqin qilinishi mumkin. Hatto, “Time” jurnali ham bu holatni kinoya bilan ifodalab, muqovasida “Chiqish qayerda?” degan savol ostida Tramp obrazini tasvirlagani internetda virus kabi tarqalmoqda. Xo‘sh, bizni qanday yakun kutmoqda va g‘olib kim bo‘ladi?

Vetnam yoki Venesuela?

Dastlab Eron bilan keskinlashgan qarama-qarshilik boshlanayotgan pallada Qo‘shma Shtatlar Venesueladagi kabi barchasi tez, oson tugashiga ishongan edi. Vashingtondagi ayrim strategik hisob-kitoblarga ko‘ra, zarbalar orqali Tehron tezda murosaga majbur bo‘ladi, hatto Ali Xomanaiyning yo‘q qilinishi Eron siyosiy rejimida keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin degan kutuvlar ham ilgari surilgandir. Biroq, reallikda voqelar mutlaqo boshqacha rivojlandi.

Eron kutilganidan ancha uzoq muddatli qarshilik ko‘rsatish, harbiy va siyosiy javob qaytarish qobiliyatiga ega ekanini namoyon etdi. Natijada, qisqa “operatsiya” sifatida rejalashtirilgan mojaro cho‘zilib, Tramp ma’muriyatini boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ydi. Buni uning so‘nggi kunlarda berayotgan palapartish nutqlaridan ham sezish mumkin. Hali amalga oshirilmagan muzokaralarni muvaffaqiyatli deb baholash, avval Eron bilan kelishib olamiz deb bir ozdan so‘ng uni “tosh davriga qaytaramiz”, degan bayonotlar bilan chiqish Trampni qaysidir ma’noda siyosiy doiralarda “masxaraboz” qilib ko‘rsatishdan boshqa narsaga yaramayapti.

Urushning yakuni yaqinligi haqidagi aniq dalillarga asoslanmagan Trampning ritorikasi shunchaki ichki noroziliklarni pasaytirishga urinish, xolos. 1967 yilda Prezident Lindon Jonson ham Vetnam urushini tugatish uchun “tunnel oxirida yorug‘lik” ko‘rinayotganini aytgandi. Ammo keyinchalik uning bu so‘zlari mojaroga tobora qarshilik ko‘rsatayotgan amerika millatini tinchlantirishga qaratilgani ma’lum bo‘ladi va urush yana 8 yil davom etib, 1975 yilda AQSH mag‘lubiyati bilan yakunlanadi.

Mojaroni yanada chuqurlashirayotgan yana bir omil – bu Tehron ilgari surayotgan shartlarning keskinligi. Eron tomoni AQSHning barcha iqtisodiy sanksiyalarini to‘liq va shartsiz bekor qilinishini, mintaqadagi harbiy bosimni kamaytirilishini, Eronning yadroviy dasturiga nisbatan xalqaro cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishni va Tehron suverenitetiga to‘liq hurmat hamda kelajakda harbiy aralashuvdan voz kechish bo‘yicha kafolatlarni xohlamoqda. Bu talablar esa Vashington uchun amalda siyosiy mag‘lubiyatga teng deyish mumkin.

Shu tariqa, bugun asosiy savol ochiq qolmoqda: bu urush qachon tugaydi? Hozircha esa javob aniq emas – mojaro uzoq davom etishi, tomonlar esa hali uzoq vaqt davomida murosaga kelolmasligi ehtimoli yuqori. Ammo global energiya bozori “chalajon” bo‘lib qolganini inobatga oladigan bo‘lsak, Vashington sulh yo‘lini izlashi aniq.

Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi

Bugungi kunda “Center for Strategic and International Studies” (CSIS) tahlillariga ko‘ra, AQSH va Eron o‘rtasidagi urushda “aniq g‘olib” tushunchasi tobora mavhumlashib bormoqda. Dastlabki bosqichda AQSH va uning ittifoqchisi Isroil harbiy ustunlikni qo‘lga kiritdi. Eronning harbiy infratuzilmasi, dengiz kuchlari va raketa tizimlariga jiddiy zarbalar berildi. Vashington iddaolariga ko‘ra, Eron floti qisqa vaqt ichida deyarli yo‘q qilingan.

Biroq, urush faqat harbiy ustunlik bilan o‘lchanmaydi. CSIS ekspertlari ta’kidlaganidek, Eron boshqa strategiyani tanlagan – u to‘g‘ridan to‘g‘ri jangda yutishni emas, balki urushni cho‘zish va raqibga maksimal siyosiy hamda iqtisodiy zarar yetkazishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda, Tehron o‘zini “yutqazmayotgan” tomon sifatida ko‘rsatmoqda. Hatto, ayrim mutaxassislarning fikricha, agar Eron aniq mag‘lubiyatga uchramasa ham, bu holatni o‘ziga xos g‘alaba sifatida talqin qilishi mumkin.

Darhaqiqat, bugungi urush qaysidir ma’noda ikki frontda ketmoqda. Mojaroning yana bir muhim o‘lchovi sifatida iqtisodiy frontning ko‘rilishi g‘oliblar borasida ikki xil qarash hosil qildi. Fors ko‘rfazidagi vaziyat keskinlashgani sababli Hormuz bo‘g‘ozi amalda yopildi yoki cheklangan faoliyatga o‘tdi. Bu esa global neft va gaz ta’minotiga jiddiy zarba berib, butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada, urush endi faqat ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuv emas, balki global iqtisodiy tizimga bosim o‘tkazuvchi omilga aylangan.

Shu bilan birga, AQSH uchun ham vaziyat oddiy emas. Harbiy jihatdan ustunlik mavjud bo‘lsa-da, urushning moliyaviy xarajatlari milliardlab dollarni tashkil etmoqda va bu ko‘rsatkich tez sur’atlarda oshib bormoqda. Eng muhimi, strategik maqsad, ya’ni “g‘alaba” nimani anglatishi hali ham aniq belgilab olinmagan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi urush klassik “kim yutdi?” savoliga oddiy javob bermaydi. Harbiy jihatdan AQSH ustun ko‘rinadi, ammo strategik va siyosiy maydonda Eron ham o‘z maqsadlariga erishayotgandek. Natijada, bu mojaro g‘olibdan ko‘ra ko‘proq yutqazuvchilarni ko‘paytirayotgan urush sifatida tarixga kirishi ehtimoli tobora ortib bormoqda.

“Chiqish qayerda?”

So‘nggi yangiliklar shuni ko‘rsatmoqdaki, Tramp ma’muriyati bugun urushdan chiqish yo‘lini qidira boshlagan. Amerika millati urushdan norozi, oraliq saylovlar yaqin, iqtisodiyot esa milliardlab dollarlik harbiy xarajatlardan zo‘riqmoqda. Oq uy oldida to‘rtta asosiy ssenariy mavjud bo‘lsa-da, ularning hech biri yuqori mojaroni tez va aniq yakunlashni kafolatlamaydi.

Bugungi vaziyat shuni anglatadiki, mojaro allaqachon nazorat qilinadigan darajadan chiqib ketgan. Tehronning asosiy strategiyasi – Hormuz orqali global energetik oqimlariga bosim o‘tkazish va raqiblarga iqtisodiy zarba berishdan iborat.

Vashington oldidagi birinchi yo‘l – muzokaralar. Ammo amaldagi sharoitda bu deyarli imkonsiz ko‘rinadi. Tomonlar o‘rtasida ishonch darajasi keskin past, talablar esa maksimal. AQSH Eron yadroviy dasturini to‘liq cheklashni talab qilayotgan bo‘lsa, Tehron buning evaziga sanksiyalarni bekor qilish, kompensatsiyalar va mintaqadagi AQSH harbiy ishtirokini qisqartirishni so‘ramoqda. Mujtabo ma’muriyati sulhdan keyin ham AQSH kelishuv shartlariga to‘la amal qilmasligini yaxshi biladi. Vashington tomonini ham Eron yadro dasturidan voz kechmasligiga ishonchi komil. Bunday sharoitda kelishuv ehtimoli nihoyatda past.

Tramp uchun ikkinchi variant – “g‘alaba”ni e’lon qilib, urushdan chiqish. Bu siyosiy jihatdan jozibador ko‘rinishi mumkin, ammo strategik nuqtai nazardan xavfli. Chunki bu holatda Eron o‘z yadroviy salohiyatini saqlab qoladi va Hormuz orqali bosim o‘tkazish imkoniyatidan voz kechmaydi. Natijada bunday “g‘alaba” amalda vaqtinchalik tanaffusga aylanib qolishi mumkin.

Uchinchi ssenariy – urushni davom ettirish. Bu yondashuv tarafdorlari Eronning harbiy imkoniyatlari asta-sekin zaiflashayotganini ta’kidlasa-da, asosiy muammo o‘zgarishsiz qolmoqda. Hatto, cheklangan hujumlar sharoitida ham Eron Hormuz bo‘g‘ozini “falaj” holatda ushlab turish imkoniyatiga ega. Bu esa urush davom etsa ham strategik vaziyat tubdan o‘zgarmasligini anglatadi.

To‘rtinchi va eng xavfli variant – keskin eskalatsiya. Bu doirada Eronning energetika infratuzilmasiga zarbalar berish, yadroviy ob’ektlarga hujum qilish yoki neft eksport tugunlarini ishdan chiqarish kabi choralar ko‘rib chiqilishi mumkin. Biroq, bu ssenariy jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yuqori. Tehron allaqachon ogohlantirgan: bunday vaziyatda u Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika va suv infratuzilmasiga zarba berishi mumkin. Bu esa butun mintaqa uchun haqiqiy inqiroz – hatto “qiyomat ssenariysi”ga yaqin holatni yuzaga keltiradi.

Eng muhim jihat shundaki, mavjud variantlarning hech biri urushni avtomatik ravishda yakunlamaydi. Hatto, eng keskin choralar ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Xulosa oddiy, ammo keskin, Vashington qaysi yo‘lni tanlamasin, u yuqori narx evaziga amalga oshadi. Chunki bu mojaro oddiy harbiy kampaniya emas – bu global energetika yo‘llari, geosiyosiy ta’sir va kuchlar muvozanati uchun kurashdir. Shu bois, hozirgi vaziyatda eng real ssenariy urushning tez yakunlanishi emas, balki uning yanada murakkab va xavfli bosqichga o‘tishidir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Eron Donal'd Tramp V'etnam Fors ko'rfazi Time Chiqish qaerda Lindon Jonson Mujtabo

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing