Vaziyat jiddiy: O‘zbekistondan Yaqin Shahrqqa parvozlar jadvali o‘zgarmoqda
Jamiyat
−
28 fevral 19488 3 daqiqa
Eron havo hududidan foydalanishga joriy etilgan cheklovlar munosabati bilan “Uzbekistan” Airways aviakompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan hamkorlikda ayrim xalqaro reyslar jadvaliga o‘zgarishlar kiritmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban “Uzbekistan Airways” matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, o‘zgarishlar Toshkent–Dubay, Sharm-esh-Shayx, Jidda, Tel-Aviv yo‘nalishlari hamda qaytish reyslariga taalluqli. Parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida reyslar muqobil havo yo‘nalishlari orqali amalga oshirilmoqda, bu esa parvoz vaqti va jadvalga ta’sir qilishi mumkin.
Xususan, BAA havo hududidan foydalanishga joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar munosabati bilan hamda parvoz xavfsizligini ta’minlash maqsadida, bugun, 28 fevraldagi HY334 (Dubay – Toshkent) reysi majburiy ravishda kechiktirilgan.
Cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng, Eron havo hududidagi cheklovlarni inobatga olgan holda, parvoz muqobil yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.
Yangilangan harakat jadvali qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
“Aviakompaniya yo‘lovchilardan reyslarning yangilangan uchish va qo‘nish vaqtlarini rasmiy axborot manbalari orqali oldindan aniqlashlarini so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erondagi urush sabab O‘zbekistondan parvoz qilgan samolyotlar ortga qaytgani haqida xabar berilgan edi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi