Yagona yechim Isroilning G‘azodan chiqib ketishi – Mahmud Abbos

Olam

image

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler bilan uchrashuv chog‘ida G‘azodagi vaziyatning yagona yechimi Isroil qo‘shinlarining bosib olingan hududlardan to‘liq olib chiqilishi ekanini aytdi. Bu haqda Falastinning WAFA rasmiy agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv Iordaniya poytaxti Ammanda bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Falastin hududlaridagi so‘nggi voqealarni muhokama qilgan.

“Tezroq o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash, barcha isroillik mahbuslar va falastinlik asirlarni ozod qilish, G‘azo sektoriga zudlik bilan insonparvarlik yordamini yetkazish zarur. G‘azo uchun yagona yechim – Isroilning to‘liq chiqib ketishi. Falastin davlati xalqaro hamjamiyat ko‘magida mintaqa uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak”, degan Abbos.


Abbos, shuningdek, HAMASni Falastin rasmiy ma’muriyatiga qurol topshirishga va “Falastin ozodlik tashkilotining xalqaro qonuniylikka mos keladigan siyosiy dasturi doirasida harakat qilishga” chaqirdi.

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar

AQSH Prezidenti Donald Tramp avvalroq Isroil G‘azoda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklif qilingan shartlarga rozi bo‘lganini aytgan edi. Qatar va Misr vositachiligida qilingan taklif HAMASga topshirildi.

Bunga javoban HAMAS vositachilarga o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusiga “ijobiy qarashi”ni aytdi va kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.

Biroq Isroil rasmiylari HAMAS tomonidan Qatar taklifiga kiritilgan o‘zgartirishlarni qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Shunga qaramay, Isroil delegatsiyasi muzokaralarda ishtirok etish uchun Qatar poytaxti Dohaga jo‘nab ketdi.

Xabarlarga ko‘ra, kelishmovchiliklarning aksariyati bartaraf etilgan, biroq asosiy muammo Isroilning Rafah va Xon Yunus o‘rtasidagi Moran yo‘lagida, shuningdek, G‘azo sektori janubidagi Rafahning o‘zida ishg‘olni davom ettirish talabi bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Qatar Falastin Isroil Mahmud Abbos G'azo HAMAS Rafah Xon Yunus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing