AQSHdagi otishmada o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
15 dekabr 11960 2 daqiqa
Joriy yilning 13 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rod-Aylend shtati Providens shahrida joylashgan Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada ikki talaba halok bo‘ldi, yetti kishi esa jarohat oldi. Vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi, 2007 yilda tug‘ilgan Muhammadaziz Umurzoqov ham bor. QALAMPIR.UZ marhumning yaqinlari bilan bog‘landi.
Qayd etilishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri sanalgan Braun universitetidagi otishma oqibatida kamida 2 nafar kishi halok bo‘lgani va 7 nafar shaxs og‘ir jarohat olgani tasdiqlangan. Vafot etganlar orasida o‘zbekistonlik talaba ham bo‘lgan. Marhumning oila a’zolari AQSHda istiqomat qilib kelgan.
“Muhammadaziz o‘tkir aqli, mehribonligi va boshqalarga yordam berishga doim tayyorligi bilan qadrli edi. U kamtar va ochiqko‘ngil inson bo‘lib, atrofdagilar tomonidan chuqur hurmatga sazovor bo‘lgan. U iqtidorli talaba, sevimli o‘g‘il, uka va do‘st sifatida xotiralarimizda qoladi”, deydi Muhammadazizning yaqinlaridan biri.
Ayni paytda marhum uchun hayriya aksiyasi boshlangan. Ushbu mablag‘lar yuridik masalalar va janoza tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun yo‘naltirilishi aytilmoqda.
Ushbu fojia ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi vakolatxonalari vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQSHning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib borayotgani ma’lum qilindi.
24 yoshli Benjamin Erikson otishmani sodir etishda gumonlanib qo‘lga olingan. U AQSH Qurolli kuchlarida harbiy bo‘lgan va snayperlik tayyorgarligidan o‘tgani haqida ma’lumotlar bor.
QALAMPIR.UZ marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Nyu-Yorkdagi bayram ziyofati paytida xotiniga kamida ikki marta pichoq urib, jiddiy jarohat yetkazgan 46 yoshli Jamshid Ne’matov politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan edi.
Live
Barchasi