Yaqin Sharqdagi mojaroning oqibatlari koronavirusga o‘xshaydi – Putin (video)
Olam
−
27 mart 4782 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yaqin Sharqdagi mojaroni koronavirus pandemiyasiga o‘xshatdi va uning oqibatlarini oldindan aniq aytish qiyinligini ta’kidladi. Bu haqda u Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi global iqtisodiyotga tobora kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro bugungi vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda va xalqaro logistika, ishlab chiqarish hamda hamkorlik zanjirlariga katta zarar yetkazmoqda. Neft-gaz, metall, o‘g‘it ishlab chiqarish kabi butun boshli sohalar zarba ostida qoldi. Bu mojaroning oqibatlarini hozir aniq prognoz qilish qiyin. Hatto mojaro ichidagi tomonlar ham buni oldindan bilolmayapti, biz uchun esa bu yanada murakkab”, degan Putin.
U, shuningdek, buni koronavirusga o‘xshatgan.
“Shunga qaramay, biz shu sharoitda yashashimiz kerak. Bu vaziyatni hatto koronavirus pandemiyasiga o‘xshatishmoqda. Eslatib o‘taman, pandemiya butun dunyo rivojlanishini keskin sekinlashtirgan edi”, degan Rossiya yetakchisi.
AQSH va Isroilning Eronga zarbalari hamda Eronning javob harakatlari natijasida energiya resurslari va boshqa tovarlar narxi keskin oshdi. Bu esa jahon iqtisodiyotining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
Biroq, neft narxining oshishi Rossiya uchun ma’lum darajada foydali ham bo‘lishi mumkin, chunki bu neft eksport qiluvchi kompaniyalar va davlat byudjeti daromadlarini oshiradi.
“Bozorlar hozir o‘zgarib turibdi. Bunday vaziyatda tez foyda olish, daromadni sarflab yuborish vasvasasi paydo bo‘lishi mumkin. Lekin ehtiyotkorlikni saqlash kerak. Agar bugun bozorlar bir tomonga o‘zgarsa, ertaga boshqa tomonga o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun ham kompaniyalar va davlat moliyasida ehtiyotkor, muvozanatli siyosat yuritish zarur. Biz byudjet tizimida ham aynan shunday yo‘l tutamiz va fuqarolar oldidagi majburiyatlarni bajarishda davom etamiz”, degan Vladimir Putin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgandi. Vladimir Putin Eron atrofidagi mojaroni tezroq siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan bir qator taklif va fikrlarni bildirgan. Bu takliflar Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari, shuningdek Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon hamda boshqa mamlakatlar yetakchilari bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijalarini hisobga olgan holda aytilgan.
Live
Barchasi