Yangi bank’ning faoliyati tugatildi

Jamiyat

image

Kecha, 15 yanvar kuni O‘zbekistondagi “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining litsenziyasi bekor qilindi. Bunga bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklar sabab bo‘lgan. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining kecha, 15 yanvardagi 1/1-sonli qaroriga muvofiq, “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingan. Mazkur qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, jumladan, ustav kapitali miqdorini qonunchilikda belgilangan eng kam talablar darajasiga yetkazilmagani, shuningdek, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim talablar bajarilmagani sababli qabul qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq, bank faoliyatini o‘rnatilgan tartibda tugatish belgilangan hamda tugatish komissiyasi tayinlanib, unga tugatish ishlarini boshqarish vakolatlari o‘tkazilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 ming 526 nafar omonatchilarning 32 ming 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi (omonatlar to‘lab berilishi bo‘yicha aniq hisob-kitoblar Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan e’lon qilinadi), 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.

“Ushbu masala Markaziy bankning doimiy e’tiborida bo‘lib, jarayon bosqichma-bosqich kuzatib boriladi va jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 2025 yil 1 yanvardan boshlab 500 mlrd so‘mni tashkil etishi lozim. Biroq 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank tomonidan “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi va boshqaruviga ustav kapitalini belgilangan minimal talabga muvofiq shakllantirish zarurligi bo‘yicha bir necha bor yozma ogohlantirishlar berilgan. Shunga qaramasdan, “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu masala bo‘yicha yetarli amaliy choralar ko‘rilmagan.

Bank ustav kapitalining belgilangan eng kam miqdorga mos kelmasligi, shuningdek, ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda belgilangan cheklovlarga rioya etilmaganligi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54-moddasiga muvofiq jiddiy qoidabuzarliklar hisoblanadi hamda bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish uchun asos bo‘ladi. Shu bilan birga, mazkur qonunning 77-moddasiga muvofiq, bankning ketma-ket uch chorak davomida regulyativ kapitalining 10 foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgani yoki zarar miqdori muddatidan qat’iy nazar regulyativ kapitalning 50 foizidan ortiq qismini tashkil etgani yoxud bunday zarar yuzaga kelish ehtimoli mavjudligi bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘ladi.

Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash yuzasidan Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan jamoatchilikka doimiy ravishda rasmiy va ishonchli axborot berib boriladi. Omonat mablag‘lari bo‘yicha kompensatsiya to‘lanishi bo‘yicha batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligining +998-55-550-05-00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank litsenziya Yangi bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing