Yil oxirigacha ekologik jamg‘armaga 900 mlrd ajratiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda havoni yaxshilash bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar uchun qancha mablag‘ ajratilishi nazarda tutilayotgani ochiqlandi. Bu haqda kecha, 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis qonunchilik palatasining majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilingan. Xususan, deputat Mohira Xo‘jayeva loyiha doirasida: “Birinchi va ikkinchi toifadagi sanoat korxonalarini zamonaviy filtrlash va tozalash inshootlari bilan ta’minlash, jihozlash uchun qancha mablag‘ ajratilganini, bu mablag‘lar havoni sog‘lomlashtirish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning natijadorligiga yetadimi?”, deb so‘ragan.

Savolga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov javob berdi.

“2026 yilga qo‘shimcha tushumlar ham daromadlar bizning prognoz qilishimiz bo‘yicha 548 milliard so‘mni tashkil qiladi. Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya ish olib boryapti, 24 soat ishlaydigan shtab tuzilgan. Uchta yo‘nalishda ishlar olib borilyapti. Yaqin maqsadli va uzoq maqsadli tizimli masalalar bo‘yicha kecha topshiriq bo‘ldi. Ular ilmiy asoslantirilgan, hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lishi kerak. Shuning uchun siz ko‘targan, aytilgan masalalar hammasi hisobga olingan. Uning rejasini qilyapmiz va uning natijadorligini ta’minlash bo‘yicha mana shu yangi tizim shuni to‘liq olib boradi deb ishontiraman”, deydi u.

​Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham bu savolga o‘z fikrini bildirgan.

“Bizga shunday topshiriq bo‘lganki, qaror bilan 900 milliard so‘m 2025 yilning o‘zida bularga ajratib, jamg‘armaga (Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasini nazarda tutilmoqda) o‘tkazib berish ko‘zda tutilgan. Biz yil yakunigacha 900 milliard so‘mni jamg‘armaga o‘tkazib beramiz. Byudjetning kelgusi o‘qishlarida shuning hammasini joy-joyiga qo‘yib, o‘ylaymizki, Mohira Mirzahmatovada ham va boshqa deputatlarimizda ham bu soha uchun ajratilayotgan mablag‘larning yetarli, yetarli emasligi haqida hech qanday shubha qolmaydi”, deydi vazir.

​Ma’lumot uchun, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilishi Prezidentning 2025 yil 18 noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan. Hujjatda ushbu jamg‘arma ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalar, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladigan tadqiqotlar va amalga oshiriladigan loyihalar dasturlarini moliyalashtirish uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida tashkil etilishi, uning daromadlarini shakllantirish manbalari etib 2025 yilda respublika byudjetidan ajratiladigan 900 milliard so‘m, 2026 yilda Respublika byudjetidan ajratiladigan 548 milliard so‘m belgilangan.

2026 yil 1 yanvardan boshlab uglerod birliklari savdosidan tushumlarning 20 foizi, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jarima va kompensatsiya to‘lovlarining belgilangan qismlari hamda import qiladigan transport vositalari uchun to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi ham jamg‘armaga yo‘naltiriladi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida Toshkent shahridagi havo holati bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

ekologik jamg'arma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar