Yulduz yana portlatdi. Isroil sukutda. Eron esa Usmonovani olqishlayapti

Tahlil

Yahudiylarga qarshi chiqishlari, “Falastin ozod bo‘lsin” degan bayonotlari va shuning ortidan AQSHdagi konserti bekor qilingani bilan muhokamalar markaziga chiqqan Yulduz Usmonovaga Eron elchixonasi tomonidan sovg‘a yuborildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda elchixona vakili xonandaga sovg‘ani topshirayotgani aks etgan.

Videoda aytilishicha, Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammadali Iskandariy hamda elchixonaning madaniy aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Hasan Safarxoniy Yulduz Usmonovaga Eron, Falastin va Livanda halok bo‘layotgan bolalar va tinch aholi tomonida turgani uchun qo‘l mehnati bilan tayyorlangan sovg‘ani taqdim etgan.

Bugun Yulduz Usmonova yana kun tartibida. Bu safar muhokamalar uning qo‘shiqlari emas, balki AQSHdagi konsertining bekor qilinishi, isroilliklar noroziligi va xonandaning yahudiylar haqidagi bayonotlari atrofida kechmoqda. Qizig‘i, Usmonova bilan yahudiy jamoalari o‘rtasidagi ziddiyat ilk marta emas.

Joriy yilning 9 may kuni AQSHda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konserti bo‘lib o‘tishi kerak edi. Dastur Nyu-York shahridagi “Ocean” teatrida rejalashtirilgan, chiptalar ham sotib bo‘lingan edi. Biroq tez orada xonandaga qarshi kampaniya boshlandi. Mahalliy siyosatchilar – Nassau okrugi rahbari va shtat gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman, Nyu-York shtati Assambleyasi a’zolari Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasniy Usmonovani antisemitik ruhdagi bayonotlarda ayblab chiqdi.

“Yahudiy xalqiga zarar yetkazishga chaqirgan ijrochi AQSHga kelib, dunyodagi eng yirik yahudiy jamoalaridan biri yashaydigan hudud markazida konsert berishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, degan Bryus Bleykman.

Norozilik bildirgan faollar so‘zlariga ko‘ra, Usmonovaga ommaviy ravishda bayonotlarini rad etish va kechirim so‘rash taklif qilingan, ammo u bundan bosh tortgan. Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Marco Rubio nomiga xonandaning vizasini bekor qilish talabi bilan murojaat ham yuborilgan.

“Keyingi choralarni ko‘rishdan oldin, mening idoram u bilan bog‘lanib, bayonotlarini qaytarib olishi va ommaviy kechirim so‘rashi uchun imkoniyat berdi. U esa rad etdi. Endi biz chora ko‘ryapmiz”, degan Bleykman.

Aslida bu mojaro 2021 yildagi bayonotlardan boshlangan. O‘shanda hayit bayrami arafasida Yulduz Usmonova Isroil-Falastin mojarosi haqida fikr bildirib, Isroilni bosqinchilikda ayblagan va Isroil mahsulotlarini boykot qilishga chaqirgan edi.

Bu chiqishlar AQSH va Isroildagi Buxoro yahudiylari jamoasida keskin norozilik uyg‘otgan. Ular xonandaning so‘zlarini “antisemitik” deya baholab, Isroil xalqidan kechirim so‘rashini talab qilgan. Yulduz Usmonova esa bu talablarga javob qaytargan.

“Agar to‘ylaringizda qo‘shiq aytgan bo‘lsam, bu sizlarga mening dinimni haqorat qilish huquqini bermaydi. Sizdan pul olgan bo‘lsam, Alloh bergan san’atim uchun olganman”, degan u.

Ma’lum bo‘lishicha, bu birinchi holat emas. Usmonovaning 2024 yil 14 sentyabr kuniga belgilangan Nyu-Yorkdagi konserti ham Amerikadagi yahudiy diasporasi noroziligi ortidan bekor qilingan edi.

Bu yilgi voqealarga kelsak, yahudiy jamoalarining yangi kampaniyasidan keyin Yulduz Usmonova Instagram sahifasida keskin munosabat bildirdi va hech qachon kechirim so‘ramasligini aytdi.

“Agar siz yahudiylar va sionistlar meni kechirim so‘raydi deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz. Men o‘z qarashlarimda qat’iyman. Men zo‘ravonlikka qarshiman. Va har doim ‘Falastin ozod bo‘lsin’ deb aytaman”, degan xonanda.

5 may kuni, konsertga to‘rt kun qolganida, “Ocean” teatri Facebook orqali konsert bekor qilinganini rasman ma’lum qildi.

“9 may kuniga belgilangan Yulduz Usmonovaning konserti bekor qilindi. Chipta pullari xarid qilingan joylarda qaytarib beriladi”, deyilgan e’londa.

Shundan keyin Usmonova yana bayonot bilan chiqib, AQSH hududida turib boshqa davlat fuqarosining konsertini to‘xtatishga urinishlarni tanqid qildi.

“Amerika Isroil emas. Shuning uchun o‘zingizni bu yerda xo‘jayin deb o‘ylamang. Siz butun dunyoni o‘zingizga qarshi qilib qo‘ydingiz. Sizdan hech kim kechirim so‘ramaydi. Chunki siz bosqinchisiz”, degan u.

Yulduz Usmonova bu voqealar unga “faqat obro‘ keltirishi”ni ham ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Yulduz Usmonova Falastin Isroil kontsert sovg'a ziddiyat Yahudiylar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing