AQSH va Eron o‘rtasida juda yaxshi muzokaralar bo‘ldi – Tramp
Olam
−
08 may 2354 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida “juda yaxshi” muzokaralar bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda u Oq uydagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, AQSH va Eron yaqin vaqt ichida kelishuvga erishishi va mojaroga barham berishi mumkin.
“Hozir ishlarimiz yaxshi ketyapti va biz kerakli natijaga erishishimiz lozim. Agar bunga erisha olmasak, keyingi katta qadamni tashlashga to‘g‘ri keladi. Ammo ular ham kelishuv tuzishni xohlayapti”, degan Tramp.
Amerika Prezidentining aytishicha, Tehron Vashingtonning asosiy talablaridan biri – yadroviy qurol ishlab chiqishdan voz kechishga rozi bo‘lgan. Biroq Eron hukumati hozircha Trampning bu bayonotiga rasmiy munosabat bildirmagan.
Avvalroq, “Axios” nashri Oq uydagi manbalariga tayanib, AQSH va Eron “o‘zaro anglashuv memorandumi”ni imzolash arafasida ekanini xabar qilgan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bir sahifalik hujjat tomonlar o‘rtasidagi tinchlik kelishuvining asosi bo‘ladi va keyingi muzokaralar uchun yo‘l ochadi.
Hujjatda 30 kunlik muzokaralar o‘tkazish rejasi ko‘zda tutilgan. Bu muzokaralarda Hormuz bo‘g‘ozi, Eronning yadroviy dasturi va AQSH sanksiyalari bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlar muhokama qilinishi aytilmoqda.
Nashrning yozishicha, Oq uy Eron ushbu memorandumni hafta oxirigacha imzolashiga umid qilmoqda.
Eron hukumati esa urushni yakunlash bo‘yicha AQSH taklifini o‘rganayotganini va yaqin kunlarda o‘z javobini muzokaralarda vositachi bo‘lib turgan Pokiston orqali Vashingtonga yetkazishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset AQSH va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik sulh hali ham saqlanib turganini ma’lum qilgandi. Bu bayonot so‘nggi kunlarda ikki davlat o‘rtasida dengizda va hududlarda bir-biriga zarbalar berilgani haqidagi xabarlar fonida yangragan.
Live
Barchasi