Janubiy Koreyadan qaytayotgan Meloni O‘zbekistonga qo‘ndi
Jamiyat
−
19 yanvar 14028 2 daqiqa
Bugun, 19 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtda qisqa fursatga to‘xtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, 2025 yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalarning soni barqaror o‘sib bormoqda. Hududlararo, shu jumladan, Lombardiya bilan almashinuvlar rivojlanmoqda. O‘zbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migratsiyasi uchun kvotalar ajratildi. Finopera, ANCI, Pietro Fiorentini, Danieli va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil oxirida Samarqandda Tushia universitetining filiali ochildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti va hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlari, shuningdek, ikkinchi Rektorlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
To‘qimachilik sanoati, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Italiyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. O‘zbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi hamda bu yil Milanda amaliy san’at va muzey ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
Bundan tashqari, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan, yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, kecha,18 yanvar Meloni rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasiga borgan. Bugun, 19 yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorjiya Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgandi.
Live
Barchasi