Irlandiya ham Grok ustidan tekshiruvni boshladi
Olam
−
17 fevral 1672 2 daqiqa
Irlandiya Ilon Maskning Grok sun’iy intellekti yordamida yaratilgan jinsiy tasvirlar bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruv boshladi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Irlandiya Ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi X’ning sun’iy intellekt chat-boti Grok’ga nisbatan shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va uni zararli jinsiy tasvirlar va videolar, jumladan, bolalarning tasvirlarini ishlab chiqarish salohiyati bo‘yicha rasmiy tergov boshlaganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Ilon Mask kompaniyasi Yevropa Ittifoqidagi faoliyatini Irlandiyada olib borgan. Agar u Yevropa Ittifoqining “Umumiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi nizomini buzgan bo‘lsa, global daromadining 4 foizigacha jarima to‘lashi mumkin.
Grok o‘tgan yili “Achchiq rejim” deb nomlangan funksiyani yaratganidan so‘ng tanqidga uchragan. Bu funksiya foydalanuvchilarga chat-botni ayollarning rasmlarini yechishga va hech qanday rozilik yoki himoya choralarisiz sun’iy intellekt fayllar yaratish imkonini bergan.
Tahlillarga ko‘ra, Grok ko‘pincha foydalanuvchilar undan voyaga yetmaganlar tasvirlangan jinsiy mazmundagi rasmlar yaratishni so‘raganda, bunga rozi bo‘lgan. Hatto 14 yoshli aktrisaning tasvirini yaratish holati ham qayd etilgan. Bu esa dunyo bo‘ylab nazorat qiluvchi organlarda jiddiy xavotir uyg‘otgan.
Yevropa Komissiyasi joriy yilning yanvar oyida Grok’ga qarshi rasmiy tergov boshlagan. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi boshqa davlatlar ham Grok’ga qarshi sudga da’vo qilish bilan tahdid qilib, tergov boshlashini ma’lum qilgan.
X bunga javoban Grok’ning bunday tasvirlarni ishlab chiqarishini to‘xtatish uchun cheklovlarni e’lon qilgan. Ammo xabarlarga ko‘ra, tasvirlar ishlab chiqarilishi davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Komissiyasi, Interpol va ko‘plab tashkilotlar sun’iy intellektning yalang‘ochlash vositalarini taqiqlashga chaqirgani haqida xabar berilgandi.
Javohir Aliqulov
Live
Barchasi