Tramp AQSHning NATOdan chiqishini jiddiy o‘ylayotganini aytdi
Olam
−
01 aprel 2115 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp alyans mamlakatlari Eronga qarshi urushga qo‘shilmagani sababli, mamlakatning NATOdan chiqishi haqida jiddiy o‘ylayotganini aytdi. Bu haqda u “The Telegraph” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“NATO menga hech qachon ta’sir o‘tkazmagan. Men ularning “qog‘oz yo‘lbarslar” ekanini doim bilganman va aytgancha, Putin ham buni biladi”, deydi Tramp.
AQSH Prezidenti ittifoqchilar tomonidan yordam berilmaganiga “ishonish qiyin bo‘lganini” aytgan. U shunchaki “Hey” deb qo‘yganini va ularning ishtirokini qattiq talab qilmaganini qayd etgan. Trampning fikricha, NATO davlatlari urushda avtomatik ravishda ishtirok etishlari kerak edi.
“Biz hamma joyda, jumladan, Ukrainada ham avtomatik ravishda bor edik. Ukraina bizning muammomiz emas edi. Bu sinov edi va biz ularning yonida bo‘ldik, doim ular bilan birga bo‘lardik. Ular esa biz bilan birga bo‘lishmadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Donald Tramp NATO davlatlarini Eronga qarshi harbiy operatsiyada qatnashish va Hormuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishdan bosh tortgani uchun tanqid qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alyansga a’zo mamlakatlar, ayniqsa “zarur bo‘lgan paytda” Qo‘shma Shtatlar uchun “hech narsa qilishmayapti”, vaholanki Amerika rasmiylari ularning himoyasi uchun “yuzlab milliard dollar” sarflamoqda. Shundan so‘ng u AQSH uning iltimosini rad etgan davlatlarga endi yordam bermasligini ma’lum qildi.