“Hammasi o‘z holicha qoladi”. Japarovning so‘zlari rad etildi

Olam

image

Qirg‘izistonda ruscha nomga ega qishloqlarni qayta nomlash rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlar rad etildi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, hozirgi kunda rus tilidagi nomlarga ega qishloqlarni o‘zgartirish masalasi kun tartibida yo‘q. Muhokama qilingan masala esa butunlay boshqa – aholi punktlariga aniq shaxslar nomini berishni taqiqlash bo‘yicha taklif bo‘lgan va bu ham faqat loyiha darajasida.

Matbuot kotibining tushuntirishicha, 13 aprel kuni Prezidentning mahalliy aholi bilan uchrashuvi vaqtida bir fuqaro qishloqqa tarixiy shaxs nomini berishni taklif qilgan. Shu taklifga javoban Prezident davlat darajasida aholi punktlariga odamlar nomini berishni taqiqlash (moratoriy joriy etish) masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytgan, ya’ni gap ruscha nomlarni o‘zgartirish haqida emas, balki umuman odamlar nomini berish amaliyotini cheklash haqida bo‘lgan.

Avvalroq, ayrim OAVlar Japarov go‘yoki ruscha nomdagi qishloqlarni qayta nomlash rejalari haqida gapirganini yozgandi. Hatto bu ish kelasi yilda yakunlanadi degan iqtibos ham keltirilgan, biroq keyinchalik bu xabar o‘chirib tashlangan. Prezident rasmiy saytida esa bunday bayonot umuman berilmagan.

Shu bilan birga, Qirg‘izistonda aholi punktlari nomi masalasi ilgari ham ko‘tarilgan. 2011 yilda davlat tili bo‘yicha milliy komissiya ko‘plab qishloqlar mahalliy tarix va xalq bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxslar nomi bilan atalganini tanqid qilgan.

2022 yilda esa parlamentda Bishkek shahridagi ruscha nomli tumanlarni qayta nomlash taklif qilingan.

Shuningdek, 2025 yil boshlarida Japarov bir nechta qishloqlar nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov endilikda qishloq va ovul okruglariga shaxslar nomini bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing