Hammasini qaytaradi, keyin ozod bo‘ladi – Japarov Tashiyevning ukasi haqida
Olam
−
27 aprel 9880 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyevning ukasi, hozirda hibsda saqlanayotgan Shoirbek Tashiyev haqida so‘z ochib, Tashiyev bilan do‘stligi uning javobgarlikdan qutulishiga ta’sir qilmasligini aytdi. Bu haqda u “Kaktus” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Japarov hokimiyatga kelganidan beri doimo “do‘st”, “qarindosh”, “yaqin inson” degan tushunchalar yo‘qligini ta’kidlab kelganini aytgan.
“Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Men uchun faqat davlat va xalq manfaatlari ustuvor. Agar qonun buzilsa, hech kim javobgarlikdan qochib qutulmaydi”, deydi u.
Tergov davomida Shoirbek Tashiyevning “Qirg‘izneftgaz” korxonasidagi korrupsiyaga aloqadorligi aniqlangan. Oqibatda davlatga 4 milliard 115 million qirg‘iz somi (taxminan 595 milliard so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan.
“Faqat bu summa to‘liq byudjetga qaytarilgandan keyingina uning ozod qilinishi haqida gap bo‘lishi mumkin”, deydi Prezident.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning barchasi unga qarshi ko‘rsatma bergan va u o‘z aybini tan olgan.
“Qonun hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak. Avval MXDQ va IIV tomonidan qo‘lga olinganlar zararlarni qoplagan, ba’zan hatto ortig‘i bilan ham. Shundan keyin ular ozod qilingan. Shoirbek Tashiyev ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerak: avval hammasini qaytarish, keyin ozod bo‘lish”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston parlamenti deputati Shoirbek Tashiyev Ichki ishlar vazirligi tomonidan so‘roqqa chaqirilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik Shoirbek Tashiyev mamlakat parlamenti deputatligidan ketishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng u yana Ichki ishlar vazirligi tomonidan yana so‘roqqa chaqirililib, “Qirg‘izneftegaz”dagi korrupsiya holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida hibsga olindi. Mazkur ish yuzasidan Bishkekdagi Birinchi may tumani sudi Shoirbek Tashiyevga nisbatan hibs chorasini belgiladi.
Live
Barchasi