Havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari masofadan ishlashi mumkin

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari masofaviy ish shakliga o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 25 mart kuni qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, bir oy muddatda atmosfera havosi sifatining keskin yomonlashishi holatlarida amal kilinishi lozim bo‘lgan harakatlar tartibi (algoritmi) ishlab chiqiladi.

Xususan, havo sifati xavfli darajaga yetganda aholini SMS-xabarlar, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali tezkor ogohlantirish hamda xavf darajalari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, aholini himoya qilish choralari sifatida ochiq havoda bo‘lishni cheklash, ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor shaxslar uchun uyda qolish bo‘yicha tavsiyalar berish, ta’lim muassasalarida ochiq havo mashg‘ulotlarini vaqtincha bekor qilish, ommaviy tadbirlarni cheklash hamda zaruratga ko‘ra davlat tashkilotlarida ish rejimini o‘zgartirish yoki masofaviy shaklga o‘tkazish choralari belgilanadi.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qurilish va transport sohalarida tezkor ta’sir choralarini qo‘llab, jumladan, ifloslanish manbalari bo‘yicha operativ nazorat tadbirlarini o‘tkazish, energetika korxonalarida mazut yoqishni cheklash (ekstremal harorat holatlari bundan mustasno), sanoat korxonalarida tashlanmalarni vaqtincha kamaytirish yoki to‘xtatish, qurilish ishlarini cheklash, transport harakatini qisqartirish va favvoralarni ishlatish, daraxtlar va yo‘l chetlarini suv sepish orqali changni bostirish kabi choralar va boshqalar nazarda tutiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu farmon bilan O‘zbekistonda qurilish sohasida atmosfera havosi muhofaza qilinishi va ekologik talablar kuchaytirilishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Toshkent shahrida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar esa Toshkent shahridagi barcha avtotransport vositalariga eko-stiker beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

masofaviy ish Havo sifati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing