Hech kim bizga kredit bermasdi – Jamshid Qo‘chqorov byudjet profitsiti haqida (video)

Jamiyat

image

Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov avvalgi ma’muriyat davrida davlat byudjeti profitsit bilan ijro qilib kelingani aytdi. Bu haqda u bugun, 3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z ochdi.

Majlisda byudjet loyihasi muhokamalarida deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashlagan. Xususan, deputat Saydulla Ne’matov O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish barobarida byudjet defitsiti ham oshib borishi kuzatilayotganini, xususan, bu yil 51 milliard, keyingi yil 59 milliard, undan keyingi yil 70 milliarddan ko‘proq defitsit prognoz qilinayotganini aytgan. 

“Byudjet taqchilligi oshayotgan bir paytda ayrim qo‘shimcha xarajatlar ko‘payib borayotgani odamni o‘ylantiradi. Xarajatlarni optimallashtirish, kamaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?”, deya savol qo‘ygan deputat.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov byudjet taqchilligi haqiqatan oshib kelayotganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan olinishi real hisobda ko‘rsatadi. Daromad bilan xarajat o‘rtasidagi farq taqchillik deb olinadigan bo‘lsa, 59 milliard so‘m hech nimani bildirmaydi. YAIM davlatning o‘zi yarata oladigan daromad bo‘ladigan bo‘lsa, shu daromadga nisbatan taqchillik qarzdorlikka borib taqaladi.  

“Ko‘p yillar davomida profitsit bilan kelganmiz. Bu yaxshi holat emas. Buning sababi byudjet taqchilligini moliyalashtirishda hech kim bizga kredit bermas edi. Chunki soliq siyosatida, valyuta konvertatsiyasida muammolar bor edi. Umuman, so‘nggi 8 yildagi islohotlar yo‘q edi”, deydi Qo‘chqorov. 

Uning aytishicha, taqchillikning kattaligi ham yaxshi emas. Ham nazariy, ham amaliy jihatdan 3 foiz taqchillik normal. Iqtisodiy o‘sish bor bo‘lgan davlatda olinayotgan qarz, taqchillik o‘zini oqlagan bo‘ladi. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida har yili yuqori o‘sish sur’atlariga erishilmoqda.  

“Xalqaro moliya tashkilotlarining baholariga e’tibor qaratsak, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 7,3 foiz bo‘lishini aytyapti”, deydi vazir.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda rejadan tashqari daromadlar, asosan, oltin savdosidan tushadigan qo‘shimcha tushumlar hisobiga xarajatlar hamda imtiyozli kreditlash dasturlarining kengayishi iqtisodiyotning ortiqcha “qizib ketishi”ga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Qo'chqorov byudjet taqchilligi byudjet profitsiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing