Hindistonda “Tarakanlar” namoyishga chiqdi (video)
Olam
−
07 iyun 6588 2 daqiqa
Hindiston poytaxti Nyu-Dehli markazida kecha, 6 iyun kuni o‘zini “Tarakanlar” partiyasi deb atayotgan harakatning yuzlab tarafdorlari ilk yirik namoyishga chiqdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bir necha hafta avval internet hazili sifatida paydo bo‘lgan ushbu harakat qisqa vaqt ichida mamlakat yoshlari noroziligining ramziga aylangan.
Jantar-Mantar maydonida o‘tkazilgan miting harakat uchun ijtimoiy tarmoqlardan tashqaridagi birinchi jiddiy sinov bo‘lgan. Tashkilotchilar internetdagi katta auditoriyani haqiqiy siyosiy kuchga aylantirish mumkinmi-yo‘qmi, shuni aniqlashga uringan.
Namoyishda asosan yoshlar ishtirok etgan. Ular tarakan tasvirlangan plakatlar va niqoblar bilan chiqqan. Ayrim ishtirokchilar ta’lim olish va teng imkoniyatlar huquqining ramzi sifatida milliy bayroqlar hamda kitoblar olib kelgan.
Harakat Hindiston Oliy sudi raisi Surya Kantning bahsli bayonotidan keyin paydo bo‘lgan. Sud majlislaridan birida u tanqidchilar va ishsiz yoshlarning bir qismini tarakanlarga qiyoslagan edi.
Bu so‘zlar jamoatchilikda katta norozilikka sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Boston universiteti talabasi va siyosiy kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassis Abhijit Dipke ushbu haqoratli qiyosni satiraga aylantirib, “Tarakanlar” partiyasi nomli siyosiy kampaniyani boshlagan.
Harakat qisqa vaqt ichida internetda ommalashib ketgan. Bir necha hafta davomida uning sahifalari millionlab obunachilarni jalb qilgan, tarakan esa chidamlilik va norozilik ramziga aylangan.
Tarafdorlar ishsizlik, korrupsiya, ta’lim tizimidagi muammolar va an’anaviy siyosatdan norozilikka bag‘ishlangan memlar, videoroliklar va satiralar e’lon qilib kelmoqda.
Namoyishga Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradhanning iste’fosini talab qilish sabab bo‘lgan. Bunga imtihonlarni o‘tkazish jarayonidagi qonunbuzarliklar bilan bog‘liq mojaro turtki bergan.
Biroq aksiya tez orada bitta masala doirasidan chiqib, yosh hindistonliklarning cheklangan mehnat imkoniyatlari va iqtisodiy qiyinchiliklardan noroziligini ifoda etuvchi kengroq harakatga aylangan.
Namoyish ishtirokchilari “Tarakanlar kelmoqda – Dxarmendra Pradhan ketmoqda!” deya shiorlar aytib, hukumatni yoshlar muammolariga e’tibor qaratishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniyaning Sautgempton shahrida politsiyaning beparvoligi tufayli halok bo‘lgan 18 yoshli talaba Genri Novakning o‘ldirilishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi