Hindistonda yana pirotexnika zavodi portladi. 13 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
22 aprel 1886 2 daqiqa
Bugun, 22 aprel kuni Hindistonda pirotexnika ishlab chiqarish korxonasida navbatdagi baxtsiz hodisa yuz berdi – bu galgi portlash oqibatida kamida 13 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Nashrning yozishicha, portlash Hindiston janubidagi Kerala shtatining Trisur okrugida joylashgan pirotexnika zavodida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, ishchilar Trisur Puram festivalining asosiy tomoshasi ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Tiruvambadi ibodatxonasi uchun mushaklar tayyorlayotgan bo‘lgan.
Rasmiy shaxslarning ma’lum qilishicha, favqulodda hodisa oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan. Yana bir necha kishi jarohatlangan, ulardan besh nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mushaklarni yig‘ish jarayonida 40 ga yaqin ishchi qatnashgan – aynan shuncha odam uchun ovqat tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, birinchi portlashdan keyin yana bir nechta ketma-ket portlashlar sodir bo‘lgan va bu qutqaruv ishlarini sekinlashtirgan. Bundan tashqari, mushaklar sholi dalalari yaqinidagi vaqtinchalik bostirmalarda ishlab chiqarilgan, bu esa favqulodda xizmatlar texnikalarining yetib borishini qiyinlashtirgan.
Nashrning yozishicha, portlash kuchi bir necha kilometr uzoqlikda ham sezilgan va atrofdagi uylarga shikast yetgan. Ayrim aholi esa sodir bo‘lgan voqeani zilzila deb o‘ylagan.
Munitsipalitet raisi portlashni kunduzi havo haroratining haddan tashqari isib ketgani bilan izohlagan, biroq rasmiylar sabab hozircha noma’lumligini bildirgan. Hodisa tafsilotlarini o‘rganish va aybdorlarni aniqlash maqsadida sud tekshiruvi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, bu Hindistonda so‘nggi uch kun ichida sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hodisadir. Avvalroq qo‘shni Tamilnad shtatidagi mushak fabrikasida yuz bergan kuchli portlash oqibatida 23 kishi halok bo‘lgani va olti kishi jarohatlangani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi