Hokimning kuchi tandirga yetdi. Namangandagi tandirlar ichida somsasi bilan buzildi (video)

3-sahifa

image

Namangan viloyati Chust tumanida hokim Baxtiyor Salimjonov topshirig‘iga asosan qishloqda qonuniy ravishda faoliyat yuritib, 20 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlab kelayotgan tadbirkorning tandirlari buzib tashlangani aytilmoqda.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, buzish ishlari hech kim tomonidan rasman tushuntirilmagan. Hokimlik vakillari kelib, bu ishlar hokim topshirig‘i ekanini bildirgan, xolos. Hujjatlar mavjudligi, faoliyatning qonuniyligi yoki nega aynan shu joyda ish olib borilayotgani haqida hech qanday savol berilmagan.

U shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida ro‘yxatdan o‘tgani, 20 nafar ishchisi borligini ham aytgan. 

“Yigirma nafar fuqaroni ish bilan ta’minlab qo‘ygan edik. Ular orasida boquvchisini yo‘qotganlar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham mavjud. Mana, endi ular ham ishsiz qoladi. Hokimlik vakillari keldi, buzish haqida buyruq chiqqanini aytdi va buzib tashladi. Hattoki somsalarimiz ham tandirning ichida qoldi”, degan tadbirkor. 

Somsapazning videolari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng Chust tumani hokimligi ham holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi. Hokimlik tadbirkorning hujjatlari mavjudligini inkor qilgan. 

Unga ko‘ra, Chust tumanidan o‘tuvchi D-105 Farg‘ona xalqa yo‘lining Chustnon-Do‘stlarobod mahallasi hududida keskin burilish qismida fuqaro tomonidan foydalanib kelinayotgan tandirxona binosi hamda unga tutash oshxona binosida hech qanday rasmiy hujjatlarsiz, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnomasiz somsaxona tashkil etilgan. 

“Mazkur hudud D-105 avtoyo‘lining himoya mintaqasi bo‘lib, ushbu hududda yengil yoki kapital qurilish ishlarini amalga oshirish mumkin emas”, deyiladi munosabatda. 

Qolaversa, hokimlik yo‘lovchi hamda haydovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirilganda tandirxona fuqaroning o‘zi tomonidan buzib tashlanganini yozmoqda. Tadbirkor esa hech kim tushuntirish bermaganini aytadi. 

“Chust tumani hokimligi hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan fuqaroga qonuniy tartibda tadbirkorlik faoliyatini olib borishida hech qanday qarshilik bo‘lmasligi tushuntirildi hamda normativ huquqiy-hujjatlar talablari doirasida somsaxona tashkil etish uchun bir necha takliflar bildirildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashlagani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, hokimga nisbatan ushbu ishi uchun hayfsan intizomiy jazo chorasi berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Baxtiyor Salimjonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing