Toshkentda qizini ayiq qafasiga tashlagan ona endi uni pichoqlab o‘ldirdi
3-sahifa
−
10 Sentabr 141222 2 daqiqa
Toshkent shahrining Sergeli tumanida ayol 7 yoshli qizini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 34 yoshli ayol nosog‘lom ahvolda oshxona pichog‘i bilan 7 yoshli qiziga bir necha marta zarba bergan. Birinchi sinfga borganiga endigina bir hafta bo‘lgan qiz olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Qayd etilishicha, uning onasi 2022 yildan buyon Psixonevrologiya dispanserida ro‘yxatda turgan va shu yerda davolanib kelgan. 2 avgust kuni unga uyda davolanish uchun ruxsat berilgan. Ayolning o‘g‘li ham bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida mudhish hodisa yuz bergandi. Soat taxminan 12:00 larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida o‘z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan.
Ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan.
2018 yilda tug‘ilgan qizaloqqa dastlab hayvonot bog‘i hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Hayvonot bog‘i ma’muriyatiga ko‘ra, 3 yoshli qizaloq intensiv terapiya xonasiga ko‘chirilgan.
Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prokuratura qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona 2021 yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turishini ma’lum qilgan.
Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi esa ayol oliy ta’lim muassasasida dars berishini va turmush o‘rtog‘i bilan ajrayotganini ochiqlagan.
O‘sha yilning aprel oyida ayol Jinoyat kodeksining og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilishni nazarda tutuvchi moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga yuborilgan edi.
Live
Barchasi