Putin Alievga “burni tagidagi” xoinni ko‘rsatdi — Weekend

Tahlil

Joriy hafta davomida jahonda sodir bo‘lgan voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.

Putin Aliyevga “qo‘ynidagi ilon” kim ekanini aytdimi?

Ortda qolgan hafta davomida Ozarbayjonning ichki siyosatida “vulqon uyg‘ondi”. “Boss” yoki “kulrang kardinal” nomlari bilan tanilgan, o‘z davrida mamlakat miqyosida Prezidentdan keyingi o‘rinda turgan “tojsiz qirol” 90 ga yaqinlashib qolgan bir paytda uy qamog‘iga olindi. Hibsga olingan bu shaxs 1995 yildan 2019 yilgacha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, 2019 yildan 2022 yilgacha Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan Ramiz Mehdiyev bo‘lib, u jinoyat kodeksining qator og‘ir moddalari bilan ayblanmoqda. Sud qaroriga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoiy qilmishlarda gumonlanayotgan Ramiz Mehdiyevga nisbatan taqdim etilgan iltimosnoma qanoatlantirilib, 4 oy muddatga uy qamog‘i ehtiyot chorasi tayinlangan. 

Bu ishlar birdan ro‘y berganda dastlab ikki taxmin o‘rtaga chiqdi. Birinchisi, Ramiz Mehdiyev Yevropa davlatlarida Ozarbayjonga qarshi guruhlarning vujudga kelishida muhim rol o‘ynagani va unga moliyaviy yordam ko‘rsatgani aytildi. Ushbu faoliyatning asosiy maqsadi sifatida Rossiya manfaatlarini ilgari surib, Ozarbayjon va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazish taxmin qilindi. 

Bundan tashqari, Mehdiyev jinoiy yo‘llar bilan orttirilgan boylikni qonuniylashtirish harakatlari ortidan ham hibsga olingan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangandi. Ko‘p o‘tmay esa “kulrang kardinal” yuqoridagi ikki qilmishni ham sodir etganlikda gumonlanayotgani ochiqlandi. Mehdiyev Jinoyat kodeksining 278.1-moddasi (davlat hokimiyatini egallab olishga qaratilgan harakatlar), 274-moddasi (davlatga xiyonat), 193-1.3.2-moddasi (Jinoyat yo‘li bilan olingan mulkni qonuniylashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Eng qizig‘i, qariyaning hibsga olinishi u tomonidan davlat to‘ntarilishiga tayyorgarlik ko‘rilgani bilan bog‘liqligi haqida xabarlar tarqaldi. Ozarbayjon mediasida bir necha kundan beri shovqin-suron tinmayapti. Undanda hayratlanarlisi esa 87 yoshli sobiq “kulrang kardinal” bu ishda Putindan yordam so‘ragani aytilmoqda. Putin bo‘lsa, yaqinda Tojikistonda Aliyev bilan o‘tgan “yarashuv oshi”da bu haqdagi barcha ma’lumotlarni topshirgani hamda Mehdiyevni sotgani haqida xabarlar tarqaldi. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni Dushanbeda Mehdiyevning davlat to‘ntarishi rejalari haqida Ozarbayjonni ogohlantirgan. Aliyev va Putinning uchrashuvidan so‘ng esa Mehdiyevning hibsga olinishi bu xabarning haqiqatga yaqinligini ko‘rsatadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, “kulrang kardinal” laqabi bilan tanilgan 87 yoshli Mehdiyev so‘nggi bir yil davomida Ozarbayjonda Aliyev hokimiyatini ag‘darish ustida ishlagan va bu rejani Kremlga taklif etgan. Barchasi AZAL samolyotining urib tushirilishi ortidan yuzaga kelgan Baku–Moskva inqirozidan boshlangan. Mehdiyev bu ziddiyatni o‘z maqsadi yo‘lidagi “imkoniyat” deb bilgan. U Rossiyaga davlat to‘ntarishi rejasini taqdim etib, uni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan. Rejaga ko‘ra, hokimiyatni egallaganidan so‘ng, Mehdiyev rahbarligida “Davlat kengashi” tuzilishi lozim bo‘lgan, hattoki bu kengash tarkibi haqidagi ma’lumotlar ham Rossiyaga yetkazilgan. Ammo Rossiya bu rejani Ozarbayjonga oshkor qilib, Mehdiyevni fosh etgan va Putin Mehdiyevning rejasiga rozi bo‘lmagan. 

Chunki Rossiyada Ozarbayjon bo‘yicha ikki yo‘nalish – biri qattiq siyosat tarafdorlari, ikkinchisi esa Kremlga yaqin yumshoq pozitsiyadagi guruh mavjud. Putin yakuniy qarorni o‘zi qabul qilib, Dushanbeda Aliyevni xabardor qilgan va munosabatlarni yaxshilashga intilayotganini ko‘rsatgan. Xullas, sodda qilib aytganda, Rossiya istiqbolsiz to‘ntarish rejasidan siyosiy ochko sifatida foydalanib, Mehdiyevni o‘zi o‘t qalagan o‘choqda yoqib yuborgan. Ramiz Mehdiyev Rossiyaga yaqinligini har doim oshkora namoyon etgan. U hatto sovet davridayoq Moskvaning agentura tarmog‘iga mansub shaxs sifatida tanilgan. Mulozim yillar davomida o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, Ozarbayjon hukumatida Rossiyaning “do‘stlari” bo‘lgan mansabdorlarni lavozimlarga tayinlashda ishtirok etgan.

Ikkinchi Qorabog‘ urushiga kelib esa Ozarbayjonda rusparast amaldorlar lavozimlaridan chetlatilgan, ular orasida Ramiz Mehdiyev ham bor edi. Shundan so‘ng, u Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi (OMFA) prezidenti etib saylangandi. Biroq u o‘sha yerda ham intrigalardan voz kechmay, OMFAni siyosiy vositaga aylantiradi. Oqibatda deyarli barcha institutlar uning iste’fosini talab qiladi. 2022 yil 14 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda u yoshi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra lavozimidan ketishini ma’lum qilgan. Endi bo‘lsa, Ramiz Mehdiyev mamlakatning hukmron “Yangi Ozarbayjon” partiyasidan ham chiqarilishi haqida ma’lum qilindi. Ko‘plab deputatlar uni butun boshli Milliy Majlis, ya’ni parlament oldida javob berishini talab qilmoqda. U Respublika Xavfsizlik Kengashi a’zoligidan ham chiqarildi. Ayni damda oila a’zolari va boshqa yaqinlariga mamlakatdan chiqish taqiqlandi. Mehdiyev esa bu ishi bir o‘zi qilmagani aniq. Uning atrofida Aliyevni ag‘darish rejasini tuzishga yordam bergan hamda Rossiya bilan yopiq kanallar orqali muloqot qilganlar ko‘p ekani shubhasiz. Shu bois, Mehdiyev va unga aloqador bo‘lgan yaqin insonlaridan tortib, ba’zi amaldorlarning ham ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgani aytilmoqda. 

Buning ortidan endi Mehdiyevning Haydar Aliyev davrida ham, Ilhom Aliyev davrida ham birdek yig‘gan boyliklari nishon markazidan o‘rin oldi. 2019 yilda siyosiy hokimiyatni, 2022 yilda esa jamoat faoliyatini tark etgan mulozimning hibsga olinishi ortidan uning haddan tashqari katta boylikka ega ekani haqidagi iddaolar yuzaga chiqdi. Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, tabiati go‘zal va xushmanzara Novxoni qishlog‘ida keng uzumzorlar, Baku, Absheron va Goranboy tumanlarida jami 216 gektar yer maydoni Mehdiyevlar oilasiga tegishli. Qolaversa, oilaning Goranboy tumanidagi Xinali qishlog‘idagi bog‘i 50 gektarni tashkil etadi. Bakuning Tbilisi prospektida hashamatli villa mavjud. Bir muddat ilgari u 8 million AQSH dollariga sotuvga qo‘yilgan. 36 sotix maydonda joylashgan bu villa Mehdiyev tomonidan qurilgan ko‘plab mulklardan biri sifatida qayd etiladi. Ramiz Mehdiyevning Go‘ychoy, Shamahi, Go‘ygol va boshqa hududlar hamda mamlakatning ayrim viloyatlarida ko‘plab villalarga egaligi haqida ma’lumotlar mavjud. Mashtag‘a shaharchasida xotini Galina Mehdiyevaga tegishli 892 sotix, qizi Kamila Aliyevaga tegishli 240 sotix yer maydoni bor. Mehdiyevning kelinida ham ancha-muncha boylik borligi haqida malumotlar mavjud. Xususan, Nigor Mehdiyeva “Digital Media” MCHJ asoschilaridan biri va u “Bank BTB” AJning asosiy aksiyadori hisoblanadi.

Ukraina Tomahawk'dan uzoqlashdi

17 oktyabr kuni Tramp va Zelenskiy Oq uyda yana uchrashdi. Bu ularning joriy yilda Oq uyda o‘tgan uchinchi, umumiy hisobda esa beshinchi uchrashuvidir. Mazkur uchrashuv boshida Zelenskiy Trampni Yaqin Sharqdagi mojaroni yakunlagani bilan tabriklab, uning ishtirokida Rossiyaning Ukrainadagi bosqini ham tugashiga umid bildirgan. Tramp bo‘lsa, har doimgidek Zelenskiyning kostyumini maqtash bilan muzokaralarni boshladi. Ikki delegatsiya uzun stol atrofida bir-biriga qarama-qarshi o‘tirgancha ba’zi masalalarni muhokama qildi. Masalan, Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qilib, bu ikki tomonlama shaklda o‘tishini bildirdi. Biroq AQSH Prezidenti ukrainalik mavqedoshiga u bilan uzluksiz aloqada bo‘lib turishga va’da berdi. Tramp uchrashuv joyi uchun nega aynan Vengriya tanlangani haqida tushintirar ekan, Orban unga ham, Putinga ham yoqishi, Vengriya esa xavfsiz hudud ekanini aytdi. 

“Bu biz yoqtiradigan yetakchi. Bizga Viktor Orban yoqadi – u menga ham, Putinga ham yoqadi. Bu xavfsiz mamlakat. U o‘z ishini juda yaxshi bajarmoqda, o‘z mamlakatini puxta boshqarmoqda. Shu sababli, biz Viktor Orban bilan uchrashamiz – u juda yaxshi mezbon bo‘ladi, deb o‘ylayman”, degan Tramp. 

Shunda birdan Tramp Zelenskiyni hayratda qoldirishni boshladi. Bir necha kun oldin Putinni keskin tanqid qilayotgan va uni to‘xtatish uchun Tomahawk berishga tayyorligini ma’lum qilgan AQSH Prezidentining plastinkasi yana aylanib ketdi. U Putin urushni to‘xtatishni xohlayotganini aytib, AQSH Ukrainaga Tomahawk raketalarini berishi shart emasligini ta’kidladi.

“Bu urushni Tomahawk'siz tugatgan ma’qul. Menimcha, biz bunga juda yaqinmiz”, deya Zelenskiyni hayratda qoldirgan Tramp. 

AQSH yetakchisiga ko‘ra, mojaro tomonlar murosaga borishga tayyor bo‘lsa, tez orada yakunlanadi. Eng qizig‘i, u yana muzokaralar orqali Rossiyaning Ukrainaga bosqin kitobi yopiladi, deb o‘ylamoqda. Trampning qarshisida o‘tirgan Zelenskiy esa AQSH qurollariga katta umid bog‘lagan edi. U borishidan oldin ham, AQSHga yetib borganida ham Tomahawk haqida juda ko‘p gapirdi, ammo Trampning Putin bilan bo‘lgan so‘nggi 2 soatlik suhbati Zelenskiyni oylar davomida umid bog‘lagan quroldan ayirdi. Ne umidlar bilan AQSH yerlariga qadam qo‘ygan Zelenskiy esa Trampga noiloj taklif bildirdi, u Tomahawk'lar evaziga Ukraina tomonidan ishlab chiqarilayotgan minglab dronlarni taklif qildi. Shundan so‘ng, uchrashuvning ochiq qismi yakunlandi. Tramp va Zelenskiy o‘rtasida bo‘lgan qolgan barcha kelishuvlar yopiq eshiklar ortida hal bo‘lgani aytilmoqda.

Zelenskiy bu gali tashrifi joriy yil boshida qilgan safaridek muammoli va shov-shuvli bo‘lmasada, Ukraina uchun tom ma’noda og‘ir o‘tdi, deyish mumkin. “Axios” va CNN kabi yetakchi nashrlar muzokaralar juda tarang muhitda o‘tgani haqida xabar berdi. Manbalar uchrashuv yaxshi yakun topmagani, ular bir-biriga dushmanona qarash bilan ochiq muloqotni yakunlaganiga e’tibor qaratmoqda. 2,5 soat davom etgan muloqotdan so‘ng, Tramp uzoq masofali raketalar borasida Zelenskiyga rad javobini bergani aytildi. 

Shu tarzda sentyabr oyidagi BMT sessiyasiga tashrifi chog‘ida deyarli hal bo‘lgan raketa va dron oldi-berdisi masalasi ortga ketdi. Zelenskiy esa mazkur tashrif doirasida har tomonlama bosim ostida qolganini ham alohida ta’kidlash lozim. Urush vaziri Pit Hegset ushbu uchrashuvda Rossiya bayrog‘i ranglarini aks ettirgan ko‘k, qizil va oq rangli galstuk taqib ishtirok etgani ham shunday bosimlardan biri bo‘ldi.

Ammo tomonlar nima qilib bo‘lsa-da, mazkur uchrashuv natijalari haqida ijobiy fikr bildirishga harakat qildi. Tramp o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirib, Rossiya va Ukraina “hozirgi chiziqda to‘xtashi” va kelishuvga erishishi kerakligini yozdi. U uchrashuvni “juda qiziqarli va samimiy” deb atadi. Zelenskiy esa o‘z brifingida Trampning fikriga qisman qo‘shildi. U Tomahawk masalasini ham unchalik jiddiylashtirmadi. Ukraina Prezidenti u va Tramp uzoq masofaga zarba bera oladigan bu qurolni Kiyevga topshirish borasidagi tafsilotlarni ochiqlamaslikka kelishib olganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, vaziyat keskin tus olishidan tiyilish va eskalatsiyaning oldini olish uchun bu mavzu haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmaydi.

Budapesht: Tramp va Putinning ikkinchi “raundi”

Putin va Trampning uchrashuvi uchun Budapeshtga eng so‘nggi variant sifatida to‘xtalishdi. Putin bir necha oy oldin Alyaskada “keyingi safar Moskvada” deb samimiy taklif bildirgandi. Ammo AQSH Prezidenti sifatida kimningdir Kremlga borishi hali beri sodir bo‘lmasa kerak. Chunki ayni damda ikki davlatlar yetakchilari qanday bayonotlar bermasin, Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning normal holatga kelishi ancha ko‘p vaqt talab qiladi. Shu bois, Tramp ta’kidlaganidek, Budapesht eng yaxshi variant, boz ustiga Orban YeI ichida Putinga unchalik ham qarshi bo‘lmagan hamda uning gazini ochiqchasiga sotib oladigan kam sonli liderlardan. 

Ammo uchrashuvning Vengriyada bo‘lishida faqat ba’zi muammolar bor edi. Bu muammo esa deyarli hech kim amal qilmay qo‘ygan XJSning hibsga olish orderini ijro etish masalasidir. Lekin ko‘pchilikka ma’lum, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bu tartibni eng birinchilardan bo‘lib buzgan rahbar hisoblanadi. 2023 yildayoq Vengriya hukumati Putin mamlakatga tashrif buyursa, uni qo‘lga olmaymiz, degan bayonot bergan edi. O‘tgan 2024 yilda esa Netanyaxuni hibsga olish uchun order berilgandan so‘ng, Vengriya Isroil Bosh vazirini XJSga ushlab bermasligini e’lon qildi. Bu safar ham Budapesht Xalqaro jinoiy sud talablarni bajarmaslik va Putinni hibsga olinmasligini kafolatladi. Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Rossiya davlat axborot agentligi TASS nashriga bergan intervyusida bu kafolatni rasman tasdiqladi. 

Unga ko‘ra, Vengriya hukumati AQSH va Rossiya Prezidentlari muzokaralarni xavfsiz va tinch muhitda o‘tkazishi uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlaydi. Siyyarto, shuningdek, Budapeshtda o‘tadigan sammit bo‘yicha Vengriya ittifoqchi davlatlar bilan maslahatlashishni rejalashtirmasligi, bu masalada hech kimdan ruxsat so‘ramasligini ham ta’kidlagan. Ma’lumki, Vengriya 1999 yilda Rim statutini imzolagan va 2001 yilda uni ratifikatsiya qilgan. O‘tgan yillar davomida yuqoridagi holatlar ko‘p takrorlangani fonida Vengriyaning o‘zi Xalqaro jinoiy suddan chiqish jarayonini boshlab yuborgandi. Ammo bugungacha ushbu jarayon hali to‘liq yakunlanmagan.

Tramp va Putin o‘rtasida o‘tishi aytilayotgan navbatdagi uchrashuvga qaytadigan bo‘lsak, ko‘plab G‘arb yetakchilari bu jarayon yolg‘iz ularning o‘rtasida o‘tishini istamayapti. Yevropa mamlakatlari rahbarlari AQSH va Rossiya Prezidentlarining Budapeshtda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan muzokaralarida o‘zlaridan ham bir nafar vakil qatnashishini istamoqda. “Bloomberg” agentligi xabariga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad – uchrashuv davomida Putin Trampni o‘ziga og‘drib olishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu jarayon to‘liq Rossiya foydasiga hal bo‘lishining oldini olishdir. Eng qizig‘i, YeI nomidan taklif qilinayotgan nomzod endilikda O‘zbekistonga unchalik ham begona bo‘lmagan, yaqinda Toshkentga tashrif buyuradigan Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb ekani aytilmoqda. 

Albatta, agar bu rost bo‘lsa, ko‘pchilikda nega aynan Finlandiya Prezidenti degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Chunki YeI va undan tashqarida juda ko‘p liderlar mavjud. Makron, Starmer, Meloni, Mers yoki Yevroittifoqning rahbarlari Koshta va Ursula ham yaxshi variant deyishingiz mumkin. Ammo ko‘p ehtimol bilan, bu yerda masalaning eng muhim joyi vakilning Trampga yoqish-yoqmasligidir. Tramp o‘zi yoqtirmaydigan rahbarlar mavjudligini hech qachon yashirmagan, hatto buni yaqinda Misrda o‘tgan G‘azo bo‘yicha Tinchlik sammitida ham hazil aralash aytib ketdi. Shunday ekan, Makron bilan uning orasi unchalik ham yaxshi emas, Starmer bo‘lsa, Tramp bilan huddi Meloni kabi yaqin emas, Meloni esa YeI uchun risk. Chunki u o‘ngchi siyosatchi. Stol atrofida Ukraina emas, balki o‘zining tor doiradagi manfaatlarini himoya qilib qolish ehtimoli bor. 

Mazkur sharoitda esa Aleksandr Stubb nomzodi eng normal qaror ekanini anglash mumkin. Bundan tashqari, u so‘nggi paytlarda xalqaro maydonda ancha faol. Tramp Yevropa yetakchilarini Oq uyga yig‘ib, Ukraina va Rossiya masalasida dars o‘tgan paytda Stubb ham o‘sha yerda edi. Tramp o‘shanda Finlandiya Prezidenti haqida juda iliq so‘zlarni aytib, uni kuchli va qudratli lider deb atagandi.

“Kecha terrorchi, bugun janob Prezident”

Joriy yilning 15 oktyabr kuni Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Kremlga o‘zining ilk tashrifini amalga oshirdi. Hokimiyatga kelganidan buyon mohirona diplomat ekanini butun dunyoga namoyon qilgan ash-Shara peshonasidagi “terrorchi” degan tamg‘ani ham olib tashladi. Eng qizig‘i, ash-Sharaning Moskvaga tashrifi uni oldin ekstremist sifatida ko‘rgan va hatto unga qarshi Asad tomonida turib urush qilganlar oldiga qilingan safar bo‘ldi. Putin uni Suriya prezidenti sifatida qabul qildi. Ahmad ash-Shara Rossiyaga birinchi tashrifida Putin bilan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagi, so‘roq ostida qolayotgan masalalar yuzasida suhbat qurdi. Kremldagi oliy darajali muzokaralar davlat rahbarlarining kameralar oldida chiqishi bilan boshlandi. Unda Putin Moskva va Damashq o‘rtasidagi “alohida munosabatlar”ni yana bir bor ta’kidladi. Bundan tashqari, u ash-Shara hokimiyati tomonidan 5 oktyabrda o‘tkazilgan parlament saylovlarini ijobiy baholadi.

Putin kechagi o‘n yillik azaliy dushmanga bugun “prezident” deb murojaat qilib, unga hurmat-izzat bilan munosabat qildi. Aslida Rossiya yetakchisi 2024 yil dekabrda ash-Shara guruhi hukumatni egallab olganidayoq  taqdirga tan bergandi. U o‘sha yil yakunida o‘tkazilgan “Pryamaya liniya” nomli xalq bilan suhbatlashadigan yillik dasturida “Suriyani terrorchilar egallamadi,” deb, ash-Shara ma’muriyatini tan olish uchun dastlabki qadamlarni tashlagandi. Oradan bir yil ham o‘tmasdan, u o‘z uyida sobiq dushmanini mehmon qilishga ham ulgurdi. Ha, o‘zgarishlar hayotning eng asosiy elementi deb bekorga aytishmagan. 

Ikki o‘rtada nimalar haqda gaplashilgani esa alohida masala. Ko‘pchilik Putin va ash-Shara o‘zaro hamkorlikdagi deyarli barcha jabhalarda til topa olishi, ammo Asadni topshirish masalasida jiddiy to‘siqlarga urilishini taxmin qildi. Chunki Suriya prezidenti safari e’lon qilinishi bilan muhokama qilinadigan eng muhim ikkita mavzu – Tartus va Xmeymim ob’ektlari hamda Asadni topshirish haqida gaplashilishi taxmin qilindi. Bundan tashqari, yana ko‘plab hamkorlik loyihalari haqida so‘z borishi kutilgandi. Shunday ham bo‘ldi. Masalan, Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak jurnalistlarga qisqacha intervyu berdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya energetika va transport loyihalarida ishtirok etishga, Suriyani qayta tiklashga ko‘mak berishga tayyor. Buning evaziga esa Suriya hududidagi neft konlaridan foydalanishga kelishib olishgan. Novakning qo‘shimcha qilishicha, Damashq Rossiyadan bug‘doy, oziq-ovqat va dori-darmon import qilishga qiziqish bildirgan. Ash-Shara ham Rossiya bilan ilgari tuzilgan barcha kelishuvlarni hurmat qilishi va kelgusida ham ularga amal qilishini aytgan. Bu esa qaysidir ma’noda Suriya hududidagi Rossiyaning harbiy bazalari daxlsizligining kafolati degani. 

Bundan tashqari, ko‘pchilikning kutilmalariga ko‘ra, Suriya tomonidan qo‘yiladigan talablar orasida Bashar Asadning Damashqqa ekstraditsiya qilinishi ham bor edi. Unga nisbatan ancha oldin Suriyada jinoyat ishi ochilgan. Ammo ochiqlangan ma’lumotlarda bu haqida gapirilmadi. Faqat uchrashuv oldidan “Reuters”ning Suriya rasmiylariga tayanib chiqargan xabarida ushbu taklif berilishi kutilayotgani aytilgandi. Hozirgi kunda esa Moskvada istiqomat qilib kelayotgan Bashar Asad ba’zi yangiliklarda ko‘rinish berib qoladi. U so‘nggi paytlarda yosh bolalar kabi video o‘yinlarga mukkasidan ketgani haqida ham ayrim xabarlar chiqqandi. Bunisi o‘z yo‘liga, ammo Moskva qachondir qochqin Asadni Suriyaga topshiradimi degan savol javobsiz qolmoqda. Odatda Rossiya o‘z himoyasiga olgan shaxslarni topshirib yuborishi ehtimoldan yiroqdek ko‘rinadi. Ukrainaning sotqin sobiq rahbari Viktor Yanukovich va Asad bunga yaqqol misol bo‘lib turibdi. O‘zga mamlakatlarda Kremlga qul bo‘lishga qasamyod qilgan qo‘g‘irchoqlarni qo‘yish bilan faol shug‘ullanadigan Rossiya Asadni topshirgudek bo‘lsa, keyinchalik mazkur qaror Kremlning "qo‘g‘irchoq rahbarlari" siyosatiga putur yetkazishi, hamkorlarining ishonchidan ayrishi mumkin.

Ammo masalaning ikkinchi tomoni shundaki, Kreml doim o‘zini Oq uydan farqli o‘laroq “hamkorlariga nisbatan sodiq” ekanini iddao qiladi. Bir qarashda, Rossiya siyosiy doiralari aynan shu vaj bilan Asadni ash-Shara changaliga topshirmasligi mumkindek ko‘rinadi. Ammo yaqin o‘tmishga nazar tashlansa, Rossiya qaysi do‘stlari uchun astoydil himoya qalqoni bo‘lib bergani yoki ularning hayotini saqlab qolganini topish qiyin. Masalan, birgina Putin hokimiyat tepasida turgan davrning o‘zida Yaqin Sharqda Rossiyaning yaqin hamkori bo‘lgan Saddam Husayn dorga osildi. Shimoliy Afrikada Muammar Kaddafiy yuzlashgan halokatli taqdir ham shular jumlasidandir. Bu voqeliklarda Kreml amaliy qadamining izi ko‘rinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Suriya Moskva Ozarbayjon Ilhom Aliev Tramp Dushanbe Putin BMT Ukraina Zelenskiy Isroil EI Vengriya Oq uy Netan'yaxu XJS Muammar Kaddafiy Saddam Husayn AZAL Ahmad ash-Shara Ramiz Mehdiev OMFA Tomohawk Bashar  Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing