“15 mln emas 60 ming”. O‘zbekistonliklarning ma’lumoti tarqalgani tasdiqlandi
Jamiyat
−
12 fevral 4763 2 daqiqa
Avvalroq, 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani va Dark Web’ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, 15 mln emas 60 ming nafar o‘zbekistonlikning ma’lumotlari tarqalgan. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Vazirga ko‘ra, mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasida 15 million emas, taxminan 60 mingga yaqin fuqarolarning ma’lumotlari tarqalgan.
“Shaxsiy ma’lumot sizib chiqishi” degani – bu fuqaroning shaxsiy akkaunti buzilgan degani emas, bunda asosan fuqarolarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, manzili, telefon raqami kabi ma’lumotlardan biri qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin. Firibgar bu ma’lumotlarga ega bo‘lgani bilan fuqaroning shaxsiy ishtirokisiz uning nomidan biror bir xatti-harakatni amalga oshirolmaydi. Shu sababdan ular turli usullar bilan qolgan ma’lumotlar to‘plamini qo‘lga kiritish uchun navbatdagi xurujni amalga oshiradi”, deydi Sherzod Shermatov.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27-30 yanvar kunlari 3 ta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujum uyushtirilgan. Holat yuzasidan tezkor choralar ishlab chiqilib, vaziyat nazoratga olingan. Shundan so‘ng, vazirlik tomonidan yagona identifikatsiya tizimi (OneID) foydalanuvchilarining parollari yangilanib, himoya vositalari kuchaytirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda 7 milliondan ortiq kiberxavf bartaraf etilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 107 milliondan oshgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi