15 yoshli qizga uylangan 28 yoshli erkakka jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
24 Sentabr 41029 2 daqiqa
Avvalroq, Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz turmushga berilgani haqida xabar qilingan edi. Moddiy manfaat evaziga qiz va yigitga nikoh o‘qigan shaxsga hamda qizga uylangan 28 yoshli erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 8 iyul kuni Denov tumanida yashovchi, 1958 yilda tug‘ilgan ayol M.R. voyaga yetmagan nabirasi 2009 yilda tug‘ilgan A.R.ni mazkur tumanda yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan M.R.ga turmushga berish marosimini tashkil qilgan. A.R. voyaga yetmagani sababli M.R. bilan nikoh qonunda ko‘rsatilgan tartibda qayd etilmagan bo‘lsa-da, 1950 yilda tug‘ilgan fuqaro I.M moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh marosimini o‘tkazgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 22 sentyabr kuni fuqaro I.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi (nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish), fuqaro M.R.ga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Denov tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
“Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq har qanday erta nikoh holatlarini qoralaydi va bunday holat bola huquqlarini jiddiy buzilishi hisoblanishi hamda qonunda belgilangan tegishli ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida eslatadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Oila kodeksining 15-moddasiga muvofiq, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Ushbu yoshga yetmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikoh haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan ota-ona yoki vositachilarga nisbatan katta miqdorda jarima qo‘llanilishi mumkin, takrorlansa yoki og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida qizni turmushga berish harakati bo‘yicha mahalla yettiligi va ijtimoiy xodimlar tomonidan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilib, voyaga yetmagan shaxsni turmushga berish qonun hujjatlariga zid ekani ta’kidlangan va oilaga ogohlantirish berilgan.
Shunga qaramay, 2025 yil 10 avgust kuni nikoh marosimi o‘tkazilgan. Ushbu holat bo‘yicha mahalliy profilaktika inspektori tomonidan qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanib, aybdorlarga jarima belgilangan. Ayni damda A.R. Denov tumanidagi kasb-hunar maktabida ta’lim olmoqda hamda uning huquqlari va ta’lim jarayoni mutasaddilar tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Live
Barchasi