15 yoshli jiyanini 20 mln so‘mga sotayotgan ayol qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Joriy yilning 11 iyun kuni Samarqand viloyatida 15 yoshli jiyanini 20 mln so‘mga sotayotgan ayol qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqaro Samarqand viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 2 nafar ayol voyaga yetmagan 15 yoshli bolani 50 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lib, pul talab qilayotganini bayon qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rgan va mazkur ayollar bilan o‘rtada bo‘lib o‘tgan audio yozuvni taqdim etgan.

Ushbu ariza asosida 11 iyun kuni Samarqand tumani IIB tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv bo‘linmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ayollardan biri SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasi Samarqand filialida tarbiyalanayotgan jiyani uchun 20 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida o‘z bolasini 62 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olingandi. Sud uni Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.


Maqola muallifi

Teglar

odam savdosi Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing