150 ta samolyot, zarbalar va otishma. AQSH Maduroni qanday qo‘lga oldi?

Olam

Kecha, 3 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va boshqa amerikalik rasmiylar jurnalistlarga Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya qanday tayyorlangani va qanday o‘tgani haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, AQSH OAVning xabar berishicha, operatsiyani rejalashtirishda AQSH ma’muriyatining eng yuqori martabali shaxslari ishtirok etgan, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) esa Venesuelada ishlagan kichik operativ guruhga hamda Venesuela hukumatidagi manbalarga ega bo‘lgan.

AQSH maxsus xizmatlari oshkor qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi 3 yanvar tongida, AQSHning Venesuelaga bergan raketa zarbalaridan ko‘p o‘tmay, qo‘lga olingan. Ular mamlakat poytaxti Karakasdagi o‘z uyida ushlangan.

Manbalarning BBC’ning amerikalik hamkori bo‘lgan CBS telekanaliga xabar qilishicha, operatsiyani AQSHning asosiy aksilterror bo‘linmasi – Delta Force amalga oshirgan. Kecha, 3 yanvar kuni Donald Tramp matbuot anjumanida Maduroning uyi “qal’aga o‘xshab ketganini”, maxsus kuchlar po‘lat himoyani kesish uchun “ulkan payvandlash uskunalari”dan foydalanishga tayyor bo‘lganini, ammo bunga ehtiyoj qolmaganini aytdi.

CNN o‘z manbalariga tayanib qo‘shimcha qilishicha, operatsiya boshlangan paytda Maduro va Siliya Flores uxlab yotgan bo‘lgan. Trampning o‘zi Venesuela Prezidenti va uning rafiqasini qo‘lga olish jarayonini jonli efirda kuzatganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birorta ham amerikalik harbiy halok bo‘lmagan, jarohatlanganlar esa kam bo‘lgan aniq soni aytilmadi.

ABC News manbasining aytishicha, er-xotin joylashgan kema AQSHning Guantanamodagi harbiy bazasiga yo‘l olgan. U yerdan Maduro va Flores samolyotda Nyu-Yorkka olib borilgan va u yerda ularni sud kutmoqda.

AQSH operatsiyaga qanday tayyorlandi?

OAV xabarlariga ko‘ra, Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasi 2025 yil yozidan beri tayyorlangan. Rejalashtirish tafsilotlaridan xabardor CBS manbasining aytishicha, tayyorgarlikka rahbarlik qilgan guruh tarkibiga AQSHning eng yuqori martabali amaldorlari kirgan: Davlat kotibi Marko Rubio, Mudofaa vaziri Pit Hegset, MRB direktori Jon Retkliff va Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller.

Telekanal manbasiga ko‘ra, ushbu guruh bir necha oy davomida operatsiya ustida ishlagan, doimiy, ba’zan esa har kuni uchrashuvlar o‘tkazgan. Guruh tez-tez Donald Tramp bilan ham uchrashib turgan. CBS manbasining aytishicha, Venesuelaning o‘zida yashirin tarzda kichik operativ guruh ishlagan. Ular Maduroning turmush tarzi haqida “mutlaqo noyob ma’lumotlar”ga ega bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan va bu qo‘lga olishni amalga oshirishga yordam bergan.

Bundan tashqari, AQSH Venesuela hukumatida ham o‘z manbalariga ega bo‘lgan, razvedka esa sun’iy yo‘ldoshlar va ko‘rinmas dronlar yordamida doimiy monitoring olib borgan. AQSH Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keynning 3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytishicha, operatsiyaga dekabr oyidayoq to‘liq tayyor bo‘lingan, biroq bir necha hafta davomida qulay ob-havoni kutishga to‘g‘ri kelgan. 

Operatsiya qanday o‘tdi?

General Keynning so‘zlariga ko‘ra, 3 yanvar kechasi kerakli ob-havo sharoiti yuzaga kelgan va AQSHning Sharqiy qirg‘oq vaqti bilan soat 22:46 da Tramp operatsiyani boshlash buyrug‘ini bergan. Generalning aytishicha, bir vaqtning o‘zida 20 ta bazadan 150 dan ortiq samolyot va uchuvchisiz apparatlar havoga ko‘tarilgan.

Shundan so‘ng, Karib dengizidagi aviatashuvchidan qo‘lga olish guruhi joylashgan vertolyotlar havoga ko‘tarilgan. Ularning tarkibida AQSH Adliya vazirligi vakillari ham bo‘lgan – ularga Maduroga ayblovlarni bevosita qo‘yish vazifasi yuklatilgan. Generalning aytishicha, vertolyotlar suv yuzasidan atigi 30 metr balandlikda uchgan. Shu paytda samolyotlar va dronlar Venesuela havo mudofaasi tizimlariga zarbalar bera boshlagan.

Karakas vaqti bilan tungi soat 02:01 da vertolyotlar Maduroning qarorgohiga yetib borgan. Ularni yuqoridan samolyotlar va dronlar himoya qilib turgan.

Yerdan vertolyotlarga o‘t ochilgan, ular ham javob o‘ti ochgan. Venesuela tomoni bitta vertolyotga zarba bergan, biroq general Keynning so‘zlariga ko‘ra, u ishdan chiqmagan va topshiriqni bajargan holda qaytib kelgan. Shundan so‘ng qo‘lga olish guruhi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliyani asir olgan. Vertolyotlar havoga ko‘tarilib, operatsiya boshlanganidan 4 soat 43 daqiqa o‘tib – AQSH Sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan 03:29 da “Ivo Jima” aviatashuvchisiga qo‘ngan.

Shu bilan birga, CNN xabardor manbaga tayanib, Maduroni qo‘lga olish jarayonida bir necha amerikalik harbiy hayot uchun xavfli bo‘lmagan o‘q va o‘q parchalari bilan jarohat olganini xabar qilgan. Donald Tramp matbuot anjumanida aniqlashtiruvchi savollarga javoban, operatsiya davomida “juda ko‘p otishma bo‘lganini” aytdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Maduro “butunlay po‘latdan yasalgan” qandaydir joyga yashirinmoqchi bo‘lgan, ammo amerikalik harbiylar bunga yo‘l qo‘ymagan. General Den Keyn o‘z hikoyasining boshidayoq ko‘plab tafsilotlarni ochiqlamasligini, chunki bu kabi operatsiyalarning usullari va taktikasini oshkor qilmaslik kerakligini ta’kidlagan. Keyn bir necha bor bunday operatsiya – unda aviatsiya, dengiz kuchlari, kosmik kuchlar, dengiz piyodalari va boshqa qo‘shin turlari birgalikda harakat qilgan – faqatgina AQSH Qurolli kuchlarining qo‘lidan kelishini aytgan.

Maduroni qo‘lga olish uchun mukofot

AQSH o‘tgan yili Maduroni qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 million dollar va’da qilgan edi. U 2020 yildan beri giyohvand moddalar savdosi va pul yuvish ayblovlari bilan qidiruvda bo‘lgan. Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges hukumat Maduroning va uning rafiqasining qayerda ekanini bilmasligini aytib, “ular tirik ekaniga zudlik bilan dalillar” talab qilgan.

Keyinroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Nikolas Maduroning kemada olingan suratini joylashtirdi. Suratda u ko‘zoynak va quloqchin taqqan, qo‘llariga kishan solingan, o‘zi esa kulrang sport kiyimida ko‘ringan.

Davlat kotibi Marko Rubio Maduroga kuch ishlatilishidan qochish uchun “ko‘plab imkoniyatlari bo‘lganini”, biroq u buning o‘rniga “aqldan ozgandek harakat qilganini” va “o‘yin o‘ynaganini” aytdi.

Donald Tramp operatsiyani eng yuqori baholarda tilga oldi. U bo‘lib o‘tgan voqeani AQSH tarixidagi harbiy kuch namoyishining “eng ta’sirli va eng samarali” misollaridan biri deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Maduro Operatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing