2 kishining qotiliga og‘ir depressiya uchun kompensatsiya to‘landi
Olam
−
03 yanvar 5375 2 daqiqa
Buyuk Britaniyada 2 kishini o‘ldirgan va qamoqxona xodimini garovga olgan mahbus sud xarajatlarini ham qo‘shgan holda 240 ming funt sterling miqdorida kompensatsiya oldi. Bu haqda “Mirror” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 36 yoshli Fuad Avale 2013 yilda giyohvandlik bilan bog‘liq mojaro vaqtida ikki nafar o‘smirni otib o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. O‘sha yili u qamoqxona xodimini o‘ldirish bilan tahdid qilgani uchun yana olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Avale o‘tkir tig‘li buyumni xodimning tomog‘iga tirab, “qarshilikni bas qil, men ikki kishini o‘ldirganman, seni ham o‘ldiraman”, degan.
Avale ekstremistik qarashlarda ayblanib, qat’iy nazorat markaziga joylashtirilganidan so‘ng o‘zida “og‘ir depressiya” boshlanganini bildirib, sudga murojaat qilgan. Bu markazda mahbuslar to‘rt nafargacha xodim tomonidan videokameralar orqali kuzatiladi. Keyinchalik Avale Vudxill axloq tuzatish koloniyasiga joylashtirilgan va 2021 yildan 2023 yil 17 martgacha boshqa mahbuslar bilan umuman muloqot qilmagan. U kuniga atigi bir soat kameradan tashqarida bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan.
Oliy sud Avaleni izolyatsiyada saqlash Yevropa inson huquqlari konvensiyasining 8-moddasini buzgan degan xulosaga kelib, unga 7 500 funt sterling miqdorida kompensatsiya hamda 234 ming funt sterling sud xarajatlarini qoplab berishni belgilagan.
“Soliq to‘lovchilar bu odamga 7 500 funt sterling kompensatsiya to‘lab, 230 ming funtdan ortiq yuridik xarajatlarini ham qoplashi – bema’ni hazildir. U ikki kishini o‘ldirgan va qamoqxona xodimini garovga olgan ekstremist. Yevropa inson huquqlari sudi amalda terrorchilarning boshqa ekstremistlar bilan muloqot qilish “huquqi”ni qamoqxona xodimlarining xavfsizligidan ustun qo‘ymoqda”, deydi soya hukumatdagi Adliya vaziri Robert Jenrik.
Kompensatsiya to‘langaniga oid tafsilotlar yaqinda, Jenrik Adliya vaziri Devid Lemmidan maktub olganidan keyin ma’lum bo‘lgan.
Live
Barchasi