2 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 10 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Joriy yil yanvar oyining boshida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 47 yo‘lovchisi bor avtobus ag‘darilib ketib, oqibatda 2 kishi vafot etgandi. Mazkur ish bo‘yicha avtobus haydovchisi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, ish joriy yilning 11 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida 40 yoshli haydovchi Sh.X. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, yo‘l davomida chap tomonidagi suv idishni olib, suv ichib olgan. Shundan so‘ng u  suv idishining qopqog‘ini yo‘qotib qo‘ygan va avtobusni boshqarib ketayotgan bo‘lsa-da, idishning qopqog‘ini izlagan. Avtobusning yoritish chirog‘ini yoqib, qopqoqni izlay boshlagani. Shu vaqtda pastga egilib qaragan va bir qo‘li avtobus rulini o‘ng tomonga burib yuborgan. O‘sha vaqtda haydovchi avtobus boshqaruvini eplolmay qolgan va adirlikka chiqib ketgan. Shu orada avtobusning old o‘ng tomon g‘ildiragi chuqurlikka tushib chiqqan, so‘ng haydovchining o‘zi ham sakrab ketib, yiqilgan. Avtobus esa pastlikka tushib ketib, o‘ng tomoni bilan ag‘darilgan. Haydovchi ham sherigining ustiga tushgan, biroq hushini yo‘qotmagan.

Shundan so‘ng ular yo‘lovchilarga yordam berib, avtobusdan chiqishga ko‘maklashgan. Oradan 35-40 daqiqa o‘tib Favqulodda vaziyatlar bo‘limi va tez tibbiy yordam xodimlari yetib borgan. So‘ng IIB xodimlari holat bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib borgan.

Sud hukmi bilan Sh.X. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) “a” bandi bilan 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu hodisa oqibatida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaro olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan. Turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqaro esa tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy avtobus haydovchi avtohalokat Tomdi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing