20 banddan iborat tinchlik rejasi kelishib olindi – Zelenskiy
Olam
−
29 dekabr 2025 6492 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev va Vashington o‘rtasida Floridada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda u taklif qilgan 20 banddan iborat tinchlik rejasining 90 foizi kelishib olinganini aytdi. Bu haqda u kecha, 28 dekabr kuni Rossiya–Ukraina mojarosini tartibga solish bo‘yicha muzokaralar yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, AQSH tomoni xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha bo‘limlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.
Ukraina Pezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Kiyev va Vashington o‘rtasida Floridada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda u taklif qilgan 20 banddan iborat tinchlik rejasining 90 foizi kelishib olingan.
“Biz tinch yo‘l bilan hal etishning barcha jihatlarini muhokama qildik. 20 banddan iborat tinchlik rejasi 90 foizga kelishildi”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni AQSH tomonidan beriladigan xavfsizlik kafolatlariga oid bo‘limlarni “100 foiz” qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, Vashington, Kiyev va Yevropa davlatlari xavfsizlik bo‘yicha qo‘shma kafolatlar masalasida “deyarli” kelishuvga erishgan.
Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar 28 dekabr kuni Floridada bo‘lib o‘tdi. Unda tinchlikni tartibga solish masalalari, jumladan AQSH tinchlik rejasi va unga kiritilgan tuzatishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvdan oldin Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgan, shuningdek, Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin ham Rossiya rahbari bilan yana bog‘lanish niyatini bildirgan.
24 dekabr kuni Zelenskiy o‘zining 20 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etgan edi. Hujjatga ko‘ra, Ukraina NATO Nizomining 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishi kerak (ya’ni bir davlatga hujum barcha a’zolarga hujum deb qaraladi). Kreml esa bu reja haqida salbiy fikr bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ham Zelenskiy bilan uchrashuvda masalalarning 95 foizi bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytgandi.
Live
Barchasi