“Marhamat, solig‘ini to‘lab qo‘ying”. 6 bloger kamida 2,7 mlrd daromad topdi
Jamiyat
−
07 may 7788 2 daqiqa
O‘zbekistonda 3 milliondan ortiq obunachiga ega olti nafar top bloger 2025 yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad topib, byudjetga 110,4 million so‘m soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasida blogerlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aytildi.
Ma’lum qilinishicha, blogerlar faoliyatini o‘rganish doirasida mazkur sohaning eng faol 110 nafar vakillari ro‘yxati shakllantirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, ulardan 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, qolgan 22 nafari, esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger faoliyati alohida o‘rganilgan. Aniqlanishicha, 2025 yil davomida ular tomonidan 360 ta Instagram hikoya (o‘rtacha oyiga 5 ta) va 184 ta reklama postlari joylashtirilgan.
Elektron hisobvaraq-fakturalar orqali taqdim etilgan rasmiy hisobotlarga ko‘ra, mazkur blogerlarning jami daromadi 2,7 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, byudjetga 110,4 mln so‘m soliq to‘langan.
Uchrashuv davomida blogerlar jamoasi vakillariga reklama joylashtirishdan olinadigan daromadlarni soliqqa tortish bo‘yicha qonunchilik normalari tushuntirilgan. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi, amalda esa, ayrim blogerlar tomonidan administratorlar, yordamchilar va boshqa mutaxassislar jalb qilinayotgani qayd etilgan.
Soliq qo‘mitasida blogerlar faoliyatini soliq qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini ta’minlash muhim ekani alohida ta’kidlangan.