2050 yilga borib ko‘krak bezi saratoni 3,5 millionga yetishi mumkin
Olam
−
03 mart 4016 2 daqiqa
2050 yilga borib dunyoda ko‘krak bezi saratoni bilan bog‘liq yangi holatlar soni 3,5 millionga yetishi mumkin. Bu 2023 yilga nisbatan qariyb uchdan bir qismga ko‘p degani. Yillik o‘lim holatlari esa 44 foizga oshib, 1,4 millionga chiqishi kutilmoqda. Bu asosan aholi sonining ortishi va qarishi bilan bog‘liq. Bu haqda “The Lancet Oncology” jurnalida yangi tahlil chop etildi.
Ko‘krak bezi saratoni hozir ham ayollar o‘rtasida eng keng tarqalgan onkologik kasallik bo‘lib, 2023 yilda har to‘rtta saraton tashxisidan biri shu turga to‘g‘ri kelgan. 204 ta davlat va hududni qamrab olgan tahlil 1990–2023 yillar dinamikasini o‘rganib, 2050 yilgacha bo‘lgan prognozlarni taqdim etgan.
Xavf omillari: turmush tarzi va oziqlanish
“Institute for Health Metrics and Evaluation” ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda ko‘krak bezi saratoni 764 ming o‘lim va 24,1 million “sog‘lom hayot yillari yo‘qotilishi”ga sabab bo‘lgan. Xavf omillarining katta qismi o‘zgartirish mumkin bo‘lgan turmush tarzi bilan bog‘liq.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, global yuklamani 28 foizi turmush tarziga aloqador omillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qizil go‘shtni ko‘p iste’mol qilish sog‘lom hayot yillarining taxminan 11 foiz yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, tamaki chekish, qonda shakar miqdorining yuqoriligi, ortiqcha vazn, alkogol iste’moli va jismoniy faollikning pastligi ham asosiy xavf omillari sifatida qayd etilgan.
Rivojlangan va kam daromadli mamlakatlar o‘rtasida tafovut
So‘nggi o‘ttiz yilda yuqori daromadli mamlakatlarda o‘lim va kasallik ko‘rsatkichlari qariyb 30 foizga kamaygan. Biroq ular hali ham global o‘lim holatlarining 61 foizini tashkil etmoqda. 2023 yilda ushbu tashxis eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida Monako, Andorra, Fransiya, Germaniya va Irlandiya qayd etilgan. Yuqori ko‘rsatkichlar har doim ham salbiy manzarani anglatmaydi, rivojlangan mamlakatlarda erta aniqlash va samarali davolash imkoniyatlari keng.
Live
Barchasi