35 yil: Xitoy iqtisodiy strategiyasini o‘zgartirdimi?
Olam
−
05 mart 2922 2 daqiqa
Xitoy hukumati mamlakat iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha yangi maqsadni 4,5-5 foiz oralig‘ida belgilagan. Bu 1991 yildan beri e’lon qilingan eng past o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi. Yangi prognoz Pekinda o‘tayotgan eng yirik siyosiy yig‘ilish – “ikki sessiya” davomida ma’lum qilingan. Bu haqda “BBC” xabar berdi.
Hukumat ushbu qarorni iqtisodiyotdagi bir qator muammolar bilan izohlamoqda. Ular orasida ichki iste’molning sustligi, aholining qarishi, tug‘ilish darajasining pasayishi, uzoq davom etayotgan ko‘chmas mulk inqirozi hamda global savdo ziddiyatlari bor. Shuningdek, Eron atrofidagi urush tufayli energiya bozorida yuzaga kelgan bosim ham hisobga olingan.
Bosh vazir Li Syan taqdim etgan hisobotga ko‘ra, mamlakat yangi besh yillik reja doirasida innovatsiya, yuqori texnologiya, ilmiy tadqiqotlar va ichki iste’molni rag‘batlantirishga katta sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Keyingi besh yilda sanoat, transport va energetika sohalarida 100 dan ortiq yirik loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Pekin sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga joriy qilish va yashil energetikaga o‘tishni ham tezlashtirmoqchi. Shu bilan birga, aholining qarishi va tug‘ilish darajasining pasayishi sharoitida “bolalar tug‘ilishini qo‘llab-quvvatlovchi jamiyat” yaratish choralari ham rejalashtirilgan.
Mazkur choralarga qaramay, tahlilchilar XXR iqtisodiyotiga bosim saqlanib qolishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, ko‘chmas mulk bozoridagi muammolar ichki talabning pasayishiga sabab bo‘lib, iqtisodiy faollikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, AQSH bilan savdo ziddiyatlari va yangi tariflar ham eksportga tayanayotgan iqtisodiyot uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda.