“75 kishining murojaati”ga ko‘proq odam aloqador bo‘lishi mumkin – Japarov

Olam

image

Avvlroq, Qirg‘izistonda 75 nafar fuqaro Prezident Sadir Japarov hamda Jogorku Kenesh raisi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘liga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha murojaat yo‘llagani haqida xabar berilgan edi. “75 kishining murojaati” ortida bundan ham ko‘proq odamlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Sadir Japarov Kabar ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tegishli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Aynan tergov siz aytayotgan tashabbus qanchalik keng ko‘lamli bo‘lganini va unda nechta odam ishtirok etganini ko‘rsatadi. Ishtirokchilar soni hozir aytilayotganidan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Biroq aniq javobni tergov yakunlari chiqqach bera olaman”, deydi u.

Shuningdek, Sadir Japarov Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish sabablari haqida ham fikr bildirgan. Uning aytishicha, jamiyatda yuzaga kelayotgan shubha va bahsli masalalar qonuniy hamda aniq javobga ega bo‘lishi kerak.

“Bugun Qirg‘izistonda Konstitutsiyaviy sud bor va aynan shu organ asosiy qonun bilan bog‘liq barcha muhokamalar hamda turli talqinlarga yakuniy, aniq ta’rif va huquqiy baho bera oladi. Shu bois, mazkur masala bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish yuridik jihatdan to‘g‘ri va mantiqiy qadam, deb hisoblayman”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir guruh jamoat arboblari va amaldorlar davlat rahbari Sadir Japarov hamda Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘gli nomiga murojaat yo‘llab, mamlakatda prezidentlik saylovlarini zudlik bilan o‘tkazish tashabbusini ilgari surishni so‘ragan edi. Hujjatni 75 kishi imzolagan. Buning ortidan Emilbek Uzoqboyev, Qurmanbek Diyqanboyev va Bekbolot Talg‘arbekov hibsga olingan. Ular vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Jogorku Kenesh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing