“75 lar xati”. Parlament spikeri Tashiyevni “shoqol” deb atadi (video)
Olam
−
18 iyun 6839 4 daqiqa
Qirg‘izistonda “75 lar xati” nomi bilan tanilgan shov-shuvli jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Mazkur ishda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq Bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jo‘qorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li hamda yana bir qator sobiq amaldorlar ayblanuvchi sifatida qatnashmoqda. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Bishkekdagi sud majlisida ayrim advokatlar jurnalistlarning ayblanuvchilarga haddan tashqari yaqinlashayotganidan norozi bo‘lib, jarayonni yana yopiq tartibda o‘tkazishni taklif qildi. Sudya Aziret Mederov ham sud zalidagi odamlar ko‘pligidan norozilik bildirgan.
Shu bilan birga, Jo‘qorku Kenesh spikeri Marlen Mamataliyev “75 lar xati” tashabbuskorlarini keskin tanqid qildi.
“Shoqollar va shoqolchalar o‘z o‘yinlarini o‘tkazmoqchi bo‘lishdi, biroq ular hech qachon sherni yenga olmasligini unutishdi. Chunki sher ortida 7 million inson turibdi”, dedi u.
Marlen Mamataliyev ushbu bayonotni Jogorku Keneshning kecha, 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida aytgan.
Spikerning ta’kidlashicha, maktub tashabbuskorlari ayblovlarni inkor etmoqda, biroq ular o‘z harakatlari va niyatlarini tan olgani ma’qul bo‘lardi. U mazkur masalaga yakuniy bahoni sud berishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Qayd etilishicha, 15 iyundan boshlab “75 lar xati” ishi bo‘yicha sud jarayoni ilk bor ochiq tartibda o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jinoyat ishi “75 lar xati” – bir guruh siyosatchilar va jamoat arboblarining murojaati bilan bog‘liq bo‘lib, tergov talqiniga ko‘ra, unda hokimiyatni almashtirishga bo‘lgan chaqiriqlar alomatlari mavjud bo‘lgan. Ish figurantlari orasida MXDQ sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li, shuningdek, mamlakatning bir qator sobiq siyosatchilari bor. Ularga nisbatan hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olishga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovlari ilgari surilgan.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi.
U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi