8 mlrd so‘mlik noqonuniy savdo qilgan 6 ta kompaniya jarimaga tortildi

3-sahifa

image
O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi 6 ta kompaniya sub’ekti yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘ymasdan, jami 8 milliard so‘mdan ortiq qiymatli savdoni davlat nazoratisiz amalga oshirgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillarda ma’lum bo‘lishicha, mazkur quyidagi korxonalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori talablari buzilgan holatlari aniqlangan.

Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Koson yog‘ kombinat” MCHJ 7 ta holatda birjaga qo‘yilishi lozim bo‘lgan o‘simlik yog‘i, paxta sheluxa va paxta shroti mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib, 91 million so‘mdan ortiq daromad olgani aniqlangan.

Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlariga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi hamda asossiz olingan daromad qayta hisob-kitob qilingan.

Namangan viloyatidagi “Pop sement” MCHJ 2026 yil 1-choragida ishlab chiqarilgan sement mahsulotining kamida 50 foizini birja orqali sotish talabiga rioya qilmasdan 4,3 ming tonna 2,4 milliard so‘mdan ortiq sementni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgani aniqlangan. Korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanilgan.

Samarqand viloyatidagi “Humo Agro Platinum” MCHJ va “Zomin Ishonch” MCHJ tomonidan jamg‘arma orqali birjadan xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un mahsulotlari belgilangan muddat va hajmlarda birja savdolariga qo‘yilmagani aniqlangan.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori talablari buzilishi yuzasidan mazkur sub’ektlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilgan.

Surxondaryo viloyatidagi “Surxondaryodonmahsulotlari” AJ jamg‘armadan birja orqali sotib olingan 485 tonna 3-sinf bug‘doydan ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan 364 tonna unni birjaga qo‘ymagani, shuningdek 375 tonna 1-sort unni to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida 1,2 milliard so‘mdan ortiq qiymatda sotgani aniqlangan.

Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan qaror qabul qilinib, moliyaviy jarimani ixtiyoriy to‘lash, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.

Toshkent shahridagi “Shavkat Business Agro” MCHJ, “Export Gold Agro” MCHJ va “Flour Asia” MCHJlar tomonidan jamg‘armadan birja orqali xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni birjaga qo‘ymasdan bug‘doyni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish holatlari yuzasidan qonunbuzilish alomatlari aniqlangan.

Bildirilishicha, mazkur sub’ektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi aytilgan.

Toshkent viloyatidagi “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2026 yil aprel oyi davomida birja savdolariga qo‘yilgan ko‘mir mahsuloti tasdiqlangan grafikda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda qo‘yilmagani, reja-jadval buzilgani manipulyatsiya harakatlari oqibatida 4,3 milliard so‘mdan ziyod mahsulotlar realizatsiya qilinganligi aniqlangan.

Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “O‘zbekko‘mir” AJga qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani fosh etilgani xabar qilingan edi.

Maqola muallifi

Teglar

jarima noqonuniy savdo 6 ta kompaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing