“Aholini kredit olishga majburlayapti”. Mirziyoyev 2 hokimni nega ishdan olganini aytdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Surxondaryo viloyatidagi Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov va Qashqadaryo viloyatidagi Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov ishdan olingandi. Prezident Mirziyoyev yig‘ilishda ular nima sababdan ishdan olinayotganini izohladi.

“Denov tumani hokimi I. Abrorov ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Yoki Chiroqchi tumaniga bu yil mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard so‘m resurs berilgan. Tumanning iqtisodiyot kompleksida 153 nafar xodim ishlaydi. Bitta tumanda – Chiroqchida. Lekin tuman hokimi F. Yusupov degani va uning birinchi o‘rinbosari Z. Ergashov shuncha xodim, shuncha resurs bilan odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha berish o‘rniga, aholini yoppasiga kredit olishga majburlayapti. Uni qaytimini o‘ylagani ham yo‘q.

Shu bois, Denov tumani hokimi I. Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh. To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F. Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z. Ergashevni – hokimlarga topshiriq – bugun ishdan olsin”, dedi Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi Uzun tumani hokimi Xabibulla Bozorovning natijalarini aytib o‘tdi. 

“Bu yil 51 ta mahallasi bor Uzun tumaniga kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard so‘m mablag‘ berildi. Tuman hokimi Xabibulla Bozorov 70 million dollar xorijiy investitsiya olib keldi, 47 ta korxonani ishga tushirdi, 1300 ta doimiy ish o‘rni yaratdi. Hududdagi 5 ta mahalladan o‘tgan 7,5 km ko‘chani tun-u kun ishlaydigan maskanga aylantirib, 300 ta servis ob’ektida 1 ming nafar odamni ishli qildi, yana 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, lider tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘ydi, 2 ming aholining daromadi 3 karraga ko‘paydi. Bundan tashqari, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli qildi”, dedi davlat rahbari. 

Qayd etilishicha, Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaygan. 51 ta mahalladan 23 tasi kambag‘allikdan holi hududga aylangan. Mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushum o‘tgan yilga nisbatan 17 milliard so‘mga ko‘paygan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Denov Chiroqchi Uzun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing