Abdulla II Mirziyoyevni mukofotladi

Jamiyat

image

Bugun, 26 avgust kuni Iordaniya podshohining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mamlakatning oliy mukofotini davlat rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi.

“Ushbu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilaman”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etish joiz, Iordaniya podshohining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va samarali muzokaralar natijasida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yangi sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Yetakchilar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga kelishib oldi.

Shavkat Mirziyoyev podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Iordaniyaning jadal rivojlanishiga, mamlakatning tinchliksevar tashqi siyosatini amalga oshirishga, xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi va ta’siri yuksalishiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi. Prezident ushbu yuksak mukofot O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi sifatida munosib o‘rin egallashini ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisi so‘zining yakunida podshoh Abdulla II ibn al-Husaynga mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Iordaniya xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Prezident Mirziyoyev qo‘shni va dunyodagi yetakchi davlatlarning bir qator nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Qozog‘istonning “Oltin qiran” va “Do‘stlik”, Qirg‘izistonning “Danaker”, Tojikistonning “Zarrintoj”, Rossiyaning “Aleksandr Nevskiy”, Fransiya “Faxriy legion”i, Turkiyaning “Respublika” ordenlari, Turkiy dunyoning oliy ordeni, MDH faxriy nishoni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni va boshqalar shular jumlasidan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla II ibn al-Husayn kecha, 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Podshohini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Keyin Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi. Yetakchilar kechqurun Samarqand xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik majmuasini ham borib ko‘rdi. 26 avgust kuni Samarqand shahrida tashrifning asosiy tadbirlari Iordaniya rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi. Keyin muzokaralar bo‘lib o‘tdi va uning yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Iordaniya Abdulla II An-Nahda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing