Afg‘on urushi qurbonlarining oilalariga yangi imtiyozlar beriladi

Jamiyat

image

Afg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga kommunal to‘lovlarning bir qismi qoplab beriladi. Bu haqda 16 aprel kuni Prezident tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 62-sonli farmonida so‘z boradi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari (er yoki xotin) halok bo‘lgan ota-onalarga (bevalarga) uy-joy kommunal xizmatlar to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya pul to‘lovini joriy etish belgilangan.

Mazkur qaror Afg‘oniston urushi qurbonlari oilalarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Afg‘on urushi

1979–1989 yillarda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston urushida O‘zbekiston ham ishtirok etgan. 1979 yil 25 dekabrda Sobiq Ittifoq qo‘shinlari “baynalmilal burchni bajarish” shiori ostida Afg‘oniston hududiga kiritildi. Asosiy maqsad mintaqada sobiq Ittifoqqa xayrixoh bo‘lgan tuzumni saqlab qolish va geosiyosiy ta’sir doirasini kengaytirish bo‘lgan. Ushbu harbiy harakatlar 9 yilu 2 oy davom etdi.

O‘zbekiston, xususan Termiz shahri urushning asosiy logistik markazi hisoblangan. Amudaryo ustiga qurilgan “Do‘stlik” ko‘prigi orqali harbiy texnika va shaxsiy tarkib Afg‘onistonga kiritilgan va xuddi shu yerdan 1989 yil 15 fevralda olib chiqilgan.

O‘zbekiston hududida yaradorlarni davolash va qo‘shinlarni tayyorlash uchun asosiy bazalar joylashgan.

Urush yillarida O‘zbekistondan 64 500 nafardan ortiq yigitlar jang maydonlariga yuborilgan. Jangovar harakatlar davomida 1 500 dan ortiq o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. 2 500 ga yaqini urushdan turli darajadagi jismoniy jarohatlar va nogiron bo‘lib qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda O‘zbekistondagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 30 mln so‘mdan pul mukofoti berilishi haqida bildirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Afg'on urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing