Afg‘onistonda suv toshqini: uylar oqib ketdi, 22 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
30 mart 3922 2 daqiqa
Afg‘onistonda oxirgi ikki kun ichida kuchli yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari binolarning qulashiga va 22 kishi halok bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda mamlakatning favqulodda vaziyatlar milliy boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, suv toshqinlari 13 viloyat bo‘ylab sodir bo‘lgan. Ob-havo bilan bog‘liq hodisalar oqibatida jami 22 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi jarohatlangan va 241 ta uy zarar ko‘rgan. Mamlakat aholisi ob-havoning yomonlashuvi tufayli xavf saqlanib qolayotganidan ogohlantirilgan.
Qurbonlarning aksariyati mamlakatning markaziy va sharqiy viloyatlari – Parvon, Maydon Vardak, Daykundi va Logar hududlarida qayd etilgan. Ushbu hududlarda kuchli yog‘ingarchilik to‘satdan suv toshqinlarini yuzaga keltirgan, qishloq va tog‘li hududlarda uylarning qulashiga olib kelgan.
Rasmiylarga ko‘ra, ayrim hududlarda vaziyat beqarorligicha qolmoqda va yana yomg‘ir yog‘ishi hamda yangi suv toshqinlari yuzaga kelish xavfi mavjud.
Ma’lumot uchun, Afg‘oniston tabiiy ofatlarga tez-tez duch keladigan davlatlardan biri bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti uni iqlim o‘zgarishiga eng zaif mamlakatlar qatoriga kiritgan.
2021 yilda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga olganidan so‘ng mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo‘lgan xalqaro yordam keskin kamaygan, bu esa davlatning bunday ofatlar bilan kurashish imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan.
BMT Taraqqiyot dasturining 2025 yil noyabr oyidagi hisobotida qayd etilishicha, o‘tgan yilda sodir bo‘lgan zilzilalar, suv toshqinlari va qurg‘oqchilik Afg‘onistonda 8 mingta uyni vayron qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Afg‘oniston sharqidagi Kunar viloyatiga bergan raketa zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va 16 kishi jarohat olgandi.
Live
Barchasi