Afg‘onistonda o‘zbek tilini saqlab qolishga hissa qo‘shgan adib vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

Shoir, yozuvchi va jurnalist, afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan ijodkor Muhammad Olim Ko‘hkan 3 sentyabr kuni 63 yoshida Amerika Qo‘shma Shtatlarida og‘ir yurak kasalligi tufayli vafot etdi. Bu haqda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida faoliyat olib boruvchi tilshunos olim va publitsist Azizulloh Arol xabar berdi.

“Do‘stimiz Muhammad Olim Ko‘hkanning olamdan o‘tgani munosabati bilan marhumning oila a’zolari, yaqinlari va do‘stlariga chuqur hamdardlik bildiraman. Alloh marhumni o‘z rahmatiga olsin, ruhi shod, oxirati obod, xotiralari mangu yashasin! Farzandlari va yaqinlariga sabr va matonat ato etsin. Omin!” deb yozgan Arol o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

Muhammad Olim Ko‘hkan 1962 yilda Afg‘onistonning o‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan Faryob viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maktabni Xo‘ja Sabzpush tumanida, litseyni Maymana shahrida tamomlagan. 1983 yili Faryob Dorulmuallimin o‘quv dargohini, 2016 yilda Qobuldagi Gavharshod universitetining huquq fakultetini tugatgan.

Ko‘hkan 1981 yildan “Faryob” ro‘znomasida mas’ul kotib sifatida faoliyat boshlagan, keyinchalik bir necha yil bosh muharrir va bir muddat Balx viloyati axborot va madaniyat boshqarmasiga ham rahbarlik qilgan. Shuningdek, u Kobuldagi “Oyina” o‘zbek telekanali rahbari va “Ariana” telekanalining o‘zbek bo‘limi mas’uli sifatida ham faoliyat olib borgan. Afg‘onistondagi o‘zbeklar orasida birinchilardan bo‘lib nasrda asar yozgan.

Marhumning she’rlari “Faryob”, “Yulduz”, “Bilgi” va boshqa nashrlarda chop etilgan. 1999-2000 yillarda Peshovarda “Chovush” jurnalining bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lgan. Ayrim hikoyalari “Qo‘rqinchli kunlar” to‘plamida chop etilgan. Qolaversa, u “Afg‘oniston Qalam jamiyati”, “Turon” ijtimoiy va madaniy jamg‘armasi hamda “Kitob markazi” jamg‘armasi a’zolaridan bo‘lgan. Zikrulloh Ishonch bilan hamkorlikda yozgan “O‘zbek adabiyati farhangi” kitobi 2016 yilda Maymanada chop etilgan. Shoirning ilk to‘plami “Afg‘oniston Qalam jamiyati” tomonidan, ikkinchi she’riy to‘plami “Qora ko‘zlarim” esa Qobulda nashr etilgan. Shuningdek, u Xolid Husayniyning “Dengiz duosi” va Nosir Ahmad Ahmadiyning “G‘azni nigini” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning ko‘plab ijtimoiy va madaniy maqolalari turli gazetalarda chop etilgan.

Ko‘hkan Afg‘onistonning “Tolibon”dan avvalgi hukumati tomonidan “Mir Masjidi Xon” mukofoti, shuningdek Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasining “Chingiz Aytmatov” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgach, u AQSHga ko‘chgan. Marhum umrini o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishlagan. Afg‘oniston Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti uning vafotini mamlakat madaniy va media jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish sifatida baholadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yirik ma’rifatparvar Jo‘ra Bo‘tako‘z 99 yoshida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston o'zbek tili “Tolibon” Muhammad Olim Ko'hkan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing