Afg‘onistondan Tojikistonga uyushtirilgan qurolli hujumda uch xitoylik halok bo‘ldi
Olam
−
27 noyabr 2025 9414 2 daqiqa
Afg‘onistondan Tojikistonga uyushtirilgan hujumda uch nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, joriy yilning 26 noyabriga o‘tar kechasi Afg‘oniston hududidan Xatlon viloyatidagi “Yo‘l” chegara otryadining “Istiqlol” 1-chegara posti hududida joylashgan “Shoxin SM” MCHJ xodimlari bazasiga qurolli hujum uyushtirilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hujum o‘qotar qurollar va granatalar bilan jihozlangan dron yordamida amalga oshirilgan.
“Tojikiston tomoni Tojikiston va Afg‘onistonning chegaradosh viloyatlarida xavfsizlikni ta’minlash va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini yaratish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlariga qaramay, qo‘shni davlat hududida faoliyat yuritayotgan jinoiy guruhlarning harakatlari chegaradagi vaziyatni beqarorlashtirishda davom etmoqda”, deyiladi Tojikiston TIV bayonotida.
Shuningdek, vazirlik jinoiy guruhlarning bu dahshatli harakatlaridan chuqur xavotir bildirdi va ularni keskin qoraladi hamda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini “ikki qo‘shni davlatning davlat chegarasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun samarali choralar ko‘rishga” chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston chegara qo‘shinlari Afg‘onistondan chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan bir guruh kontrabandachilarni zararsizlantirish uchun birinchi marta mahalliy ishlab chiqarilgan drondan foydalangandi. Voqea 20 noyabrga o‘tar kechasi Hamadoniy chegara tumanida sodir bo‘lgan. Yetti nafar kontrabandachilar guruhi chegarani kesib o‘tayotganda hujumga uchragan. Ertalab voqea joyida ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi: Avalmir o‘g‘li Sheroxo va Hakim o‘g‘li Jumagulning jasadlari topilgan.
Live
Barchasi