Aql Markazlari nima va O‘zbekistonga nega “THINK TANK”lar kerak?
Tahlil
−
19 fevral 2645 9 daqiqa
“Siyosat – bu siyosatchilarga topshirib qo‘yish uchun juda ham jiddiy masaladir.”
(Sharl de Goll)
Aql markazlari – bu so‘zni eshitgan zahoti ko‘z oldinggizda nima gavdalanadi? Ehtimol, ko‘pchilikning xayoliga aqliy rivojlanishida nuqsoni bor insonlarga yordam ko‘rsatiladigan tibbiy muassasa kelar. Yoki ulkan kutubxonalarda, qalin kitoblar orasida o‘tirgan olimlar, maxfiy laboratoriyalar, xufiya josuslar tashkilotini tasavvur qilgandirsiz. Biroq, biz bugun mutlaqo boshqa bir olam – mamlakatlarning taqdirini hal qiluvchi intellektual markazlar haqida so‘z yuritamiz.
Aslida “Think tank”lar yoki aql markazlari – zamonaviy dunyoning “yashirin miyasi”, global jarayonlarni harakatga keltiruvchi g‘oyalar fabrikasidir. Mashhur fransuz davlat arbobi Sharl de Goll ta’biri bilan aytganda, siyosatni siyosatchilar emas, siyosatshunoslar yuritishi lozim. Aqliy markazlar esa aynan ana shunday siyosatga sof akademik yondashadigan insonlar guruhidir.
Ushbu maqola orqali siz dunyo siyosatida “ko‘rinmas kuchlar”ning o‘rni qanchalik katta ekanligi, davlatlarning xalqaro maydondagi harakatlari ortida aslida kimlar turganligi, aql markazlarining evolyutsiyasi va O‘zbekistonda bu soha qanchalik rivojlanganligi haqida bilib olasiz.
Aql markazlarining tarixi
“Aql markazlari” (Think tanks) – bu ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va harbiy muammolarni tahlil qilish, ularga yechim topish hamda davlat siyosatiga ta’sir o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi mustaqil tadqiqot institutlaridir.
Garchi “think tank” atamasi XIX asrdan keyin qo‘llanila boshlangan bo‘lsa-da, aql markazlarining dastlabki ko‘rinishi 800 yillardagi Yevropaga borib taqaladi. Bu davrda qirollik mulozimlari va cherkov ruhoniylari ishtirokida soliqlar masalasida tashkil etilgan kengashlarni ilk ilmiy-tahliliy yig‘inlar sifatida talqin etish mumkin.
Avvaliga davlat tasarrufida shakllangan aql markazlari asta-sekin mustaqillikka intila boshladi. Parijda 1620 yillar atrofida aka-uka Per va Jak Dyupyui tomonidan tashkil etilgan “Académie des frères Dupuy ” nomli ilmiy maskan (keyinchalik Dyupyui kabineti nomi bilan ham tanilgan) moliyaviy jihatdan mustaqil faoliyat yuritgan.
Moliyalashtirish, ya’ni pul ko‘p hollarda muassasa kimga yoki nimaga ta’sir o‘tkazmoqchi ekanligi, uning mavzular ko‘lamini ham belgilab beradi. Markaz davlat tomonidan moliyalashtirilsa, uning faoliyati ham hukumat manfaatlariga monand olib boriladi. Shu sabab ham jahonda xususiy “think tank”lar shakllangan bo‘lib, ular turli fondlar, xayriya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladi hamda o‘z ilmiy ishlarini sotish evaziga ham mo‘maygina daromad qiladi. Shuningdek, aql markazlari avtonom va mustaqil, yarim mustaqil, hukumatga qarashli, yarim hukumatga qarashli, universitetga qarashli, siyosiy partiyaga qarashli kabi guruhlanadi.

Zamonaviy “think tank”larning “otasi”, dunyodagi ilk mustaqil aql markazi sifatida “The Club de l’Entresol” tan olingan bo‘lib, ushbu maskan 1723 yil Parijda tashkil etilgan. Klubga abbat Per-Jozef Alari asos solgan bo‘lib, o‘zining Parijdagi qarorgohi – Place Vendôme’da uchrashuvlar tashkil qilgan. Klubda taxminan 20 nafarga yaqin doimiy a’zolar bo‘lgan va ularning asosiy qismi o‘sha davrning eng nufuzli ziyolilari, diplomatlari va huquqshunoslari bo‘lgan. A’zolar muayyan siyosat sohalariga ixtisoslashgan: masalan, Alari Germaniya bo‘yicha, Mark-Per d’Argenson davlat huquqi va institutlari bo‘yicha, Balleroy va Shampo tinchlik shartnomalari bo‘yicha izlanishlar olib borgan. Siyosatga yo‘naltirilganlik va tuzilgan tadqiqot dasturi klubni mamlakatda mashhur qilib yuborgan, ammo o‘sha davrdagi so‘z erkinligiga nisbatan qat’iy senzuralar olimlardan nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishni talab qilgan. Klubning 1731 yilda yopilishiga ham, yilnomachi d’Argensonning so‘zlariga ko‘ra, aynan oshkoralik sabab bo‘lgan.
XIX asr Buyuk Britaniyada dastlabki nomdor aql markazlari paydo bo‘la boshladi. Mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini saqlab qolish, jahon siyosatining boshqaruv dastagini Qirollik qo‘liga qaytarish uchun Britaniyaga intellektual yurush kerak edi. 1831 yilda tashkil etilgan Qirollik birlashgan xizmatlar instituti (Royal United Services Institute–RUSI) dunyodagi eng qadimgi tahliliy markaz hisoblanadi. U dastlab harbiy ofitserlar uchun tajriba almashish va strategik tadqiqotlar o‘tkazish maydoni sifatida yaratilgan. Ammo, keyinchalik RUSI xalqaro miqyosdagi mudofaa va xavfsizlikning barcha masalalarini, jumladan, moliyaviy va uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va uni keltirib chiqaruvchi mafkuralar, shuningdek, inson omili bilan bog‘liq boshqa tahdidlar va tabiiy ofatlar keltirib chiqaradigan muammolarni o‘rganuvchi aqliy markazga aylandi.
XX asr boshlarida AQSHda davlat boshqaruvini ilmiy asosda tashkil etishga ehtiyoj tug‘ildi. 1910 yilda amerikalik sanoatchi va xayriyachi Endryu Karnegi tomonidan asos solingan Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg‘armasi (Carnegie Endowment for International Peace) xalqaro munosabatlarni tadqiq qilishga ixtisoslashgan ilk yirik fond bo‘lib tarixga kirdi. Karnegi o‘z vorislariga ushbu jamg‘armadan “sivilizatsiyamizga eng yomon dog‘ bo‘lgan xalqaro urushni tugatishni tezlashtirish” uchun foydalanishni vasiyat qilgan.
1916 yilda Robert Brukings tomonidan asos solingan Brookings Institution (dastlab Hukumat tadqiqotlari instituti) zamonaviy “aql markazi” modelini yaratdi. Ular davlat byudjeti, iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy islohotlar bo‘yicha hukumatga professional tavsiyalar bera boshladi. 1921 yilda esa AQSHning tashqi siyosiy elitasini birlashtirgan mashhur Xalqaro aloqalar kengashi (CFR) tashkil etildi.
Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy strateglar xavfsiz joyda to‘planib, maxfiy rejalar tuzadigan xonalarni “think tank” (fikrlar tanki/ombori) deb atashgan. Urushdan keyin 1948 yilda AQSH harbiy-havo kuchlari ko‘magida RAND Corporation tashkil etildi. RAND zamonaviy tahlil markazlarining “oltin standarti”ga aylandi. Aynan shu yerda tizimli tahlil, o‘yinlar nazariyasi va strategik rejalashtirishning ilmiy metodlari ishlab chiqildi.

1970 yillarga kelib, aql markazlari faqat akademik tadqiqot bilan cheklanmay, muayyan mafkuralarni targ‘ib qila boshladi. 1973 yilda tashkil etilgan “Heritage Foundation” konservativ g‘oyalarni siyosatga tatbiq etishda inqilob qildi. Ular qalin ilmiy kitoblar o‘rniga siyosatchilar uchun qisqa, tushunarli va tezkor “policy briefs” (siyosiy ma’lumotnomalar) tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi.
Tarix guvohlik berganda
Yuqoridagi aql markazlari hali-hanuz o‘z aktualligini yo‘qotmagan, dunyoning eng nufuzli “think tank”laridan hisoblanadi. Ularning mehnati doim ham e’tirof etilmasa-da, tarix ko‘p bora aql markazlarining dunyo siyosatidagi ahamiyatiga guvoh bo‘lgan.
2003 yilda boshlangan Iroq urushi AQSH tashqi siyosatidagi eng bahsli qarorlardan biri sifatida tarixga kirdi. Bu jarayonda siyosiy qarorlar faqat Oq uy yoki Pentagon devorlari ichida shakllanmagan. Vashingtondagi nufuzli aql markazlari, jumladan, Brookings Institution ham muhokama maydonining muhim ishtirokchisiga aylandi.
Urush arafasida Brookings ekspertlari Iroq rejimi, mintaqaviy xavfsizlik va ommaviy qirg‘in qurollari ehtimoli haqida faol chiqishlar qildi. Jumladan, ushbu tadqiqot markazining Yaqin Sharq siyosati bo‘limi direktori Kennet Pollack 2002 yilda “Tahdid soluvchi bo‘ron: Iroqqa bostirib kirish uchun asos” kitobini nashr ettirdi. Bu asar AQSHning 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishini oqlovchi “propaganda quroli” vazifasini o‘tadi. Ayrim tahlillarda, hatto Saddam Husayn hokimiyati potensial strategik tahdid sifatida talqin qilindi. Bu pozitsiyalar Kongress eshituvlari va yetakchi OAVlarda keng iqtibos qilinib, siyosiy muhitning shakllanishiga xizmat qildi. Markaz rasmiy qaror qabul qilmagan bo‘lsa-da, uning ekspert xulosalari urush variantini legitim muhokama darajasiga olib chiqdi.
Tarixdagi yana bir muhim voqea – Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi (Brexit) edi. 2016 yil 23 iyunda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan referendum mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi – Brexit jarayonini boshlab berdi. Ushbu tarixiy qaror arafasida va undan keyin London markazidagi nufuzli tahliliy markaz – Chatham House muhokama maydonining muhim intellektual platformasiga aylandi.

Referendumdan oldin, 2015 yil Chatham House eksperti Richard G. Whitman boshchiligidagi tahlilchilar guruhi savdo, migratsiya va xavfsizlik masalalariga doir bir qator tahliliy hisobotlar e’lon qildi. 2015–2016 yillarda markaz tomonidan o‘tkazilgan yopiq va ochiq forumlarda sobiq diplomatlar hamda siyosatchilar ishtirok etdi. Xususan, o‘sha paytdagi bosh vazir David Kemeronning Yevropa bilan muzokaralar strategiyasi va suverenitet masalasi keng muhokama qilindi. 2016 yil iyulida esa yangi bosh vazir Theresa May Brexit bo‘yicha “Brexit means Brexit” tamoyilini ilgari surar ekan, ekspert doiralar, jumladan Chatham House platformalarida kelajakdagi savdo modeli va xavfsizlik hamkorligi ssenariylari tahlil qilindi.
2017–2019 yillarda markaz Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo, “no-deal” ssenariysi va Irlandiya chegarasi muammosi yuzasidan aniq tavsiyalar berdi. Chatham House hukumat qarorlarini bevosita qabul qilmagan bo‘lsa-da, parlament muhokamalari va OAV diskursida faktlarga asoslangan ekspertiza bilan Brexit jarayonining strategik yo‘nalishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Tarixda aql markazlari dunyo siyosatiga ta’sir etgan vaziyatlar ko‘p bo‘lgan, ammo doim ham bu kabi hukumat va tahlil markazlari o‘rtasidagi aloqalar ommaga ochiqlanavermaydi. Garchi biz har kuni ham siyosiy maydonda ularni eslamasak-da, qaysidir ma’noda geosiyosiy “o‘yin”ning soyadagi ushbu “o‘yinchi”lari bilvosita voqelikka o‘z ta’sirini o‘tkazib keladi. Ayniqsa, bugungi kunda aql markazlari faqatgina siyosiy, ijtimoiy yoki harbiy sohalarni tahlil qilishdan tashqari, mafkura ishlab chiqish bilan ham shug‘ullanayotgan bir davrda ularning hayotimizdagi o‘rnini rad etib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston aql markazlari
O‘zbekistonda siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar maktabi asta-sekin shakllana borar ekan, parallel ravishda milliy aql markazlar ham vujudga kelmoqda. Markaziy Osiyoning ham markazida joylashgan O‘zbekiston ko‘plab kuch markazlari orasida muvozanat saqlashi, o‘z manfaatlarini ilgari suruvchi tashqi siyosat yuritishi lozim. Ayniqsa, bugungi kundagi geosiyosiy beqaror bir vaziyatda siyosat har qachongidan ham mukammal intellektual tahlilga va bunga qodir ekspertlarga ehtiyoj sezmoqda.
Ayni damda O‘zbekiston hududida ham bir qator aql markazlari faoliyat yuritib kelmoqda va ularning asosiy qismi davlat tasarrufida yoki davlat tasarrufidagi universitetlar qoshida tashkil etilgan.
O‘zbekistondagi eng nomdor aql markazlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti. Markaz 1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan tashkil etilgan bo‘lib, asosiy vazifasi Markaziy Osiyoda xavfsizlik, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik masalalari borasida qo‘shma tadqiqotlar olib boradi, ichki va tashqi siyosati yo‘nalishlariga oid davlat dasturlari, hujjatlar va qonunlar loyihalarini ishlab chiqadi va boshqa xalqaro tahlil markazlari bilan hamkorliklar olib boradi.

Mamlakatdagi yana bir muhim tahliliy institut – Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi (STIBOM). Ushbu muassasa O‘zbekistondagi eng nufuzli aql markazlaridan biri hamda tizimli tahlil bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashda O‘zbekistondagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari hisoblanadi. Oliy maktab 2000 yil 16 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida tashkil etilgan. 2023 yilda esa Oliy maktab O‘zbekistonning nufuzli Top-20 aql markazlari qatorida qayd etildi.
Barchamizga ma’lum, “Harakatlar strategiyasi” hamda “O‘zbekiston – 2030” kabi strategiyalarni ishlab chiqqan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ham mamlakatdagi muhim tahliliy markazlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, taraqqiyot strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy media-maydon vazifasini o‘taydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ham O‘zbekistondagi Top-20 aql markazlaridan biri hisoblanadi. Uning asosiy funksional vazifasi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar tayyorlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini baholash bilan shug‘ullanadi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda davlat boshqaruvi faqat amaliy tajriba bilan emas, chuqur tahlil va ilmiy asoslangan tavsiyalar bilan mustahkamlanishi zarur. Aql markazlari – siyosiy qarorlar sifatini oshiruvchi, uzoq muddatli strategiyani shakllantiruvchi muhim institutdir. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda tahliliy markazlar faoliyati jonlanayotgan bo‘lsa-da, xususiy va mustaqil “think tank”lar sonini ko‘paytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Raqobat va fikrlar xilma-xilligi bo‘lmagan joyda sifatli strategik yechim tug‘ilmaydi. Shunday ekan, mamlakat taraqqiyoti uchun erkin, mustaqil va professional aql markazlari muhitini kengaytirish zarur.
Live
Barchasi