AQSH 90 dan ortiq Eron harbiy ob’ektlariga zarba berdi
Olam
−
14 mart 4595 2 daqiqa
Kecha, 13 mart kuni kechqurun AQSH harbiy kuchlari Eronning Fors ko‘rfazidagi Xarg oroliga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) bayonotiga ko‘ra, operatsiya davomida oroldagi 90 dan ortiq Eron harbiy nishonlari yo‘q qilingan. Zarba berishda harbiy ob’ektlar nishonga olingan bo‘lib, neft infratuzilmasiga zarar yetkazilmagan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, AQSH kuchlari dengiz minalari saqlanadigan omborlar, raketa omborlari hamda boshqa harbiy inshootlarni nishonga olib, ularni yo‘q qilgan.
AQSH harbiylari bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ham ma’lum qilib, operatsiya mintaqadagi xavfsizlikka tahdid solayotgan harbiy imkoniyatlarni cheklash maqsadida amalga oshirilganini bildirgan.
Mazkur zarba AQSH Prezidenti Donald Trampning ogohlantirishidan ko‘p o‘tmay amalga oshirilgan. Tramp kecha, 13 mart kuni Tehronni Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga hujum qilishni to‘xtatishga chaqirgan va aks holda Xarg orolidagi Eron neft infratuzilmasiga zarba berilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Ma’lumot uchun, Xarg oroli Eronning Fors ko‘rfazidagi eng muhim strategik nuqtalaridan biri bo‘lib, u mamlakatning asosiy neft eksporti markazlaridan hisoblanadi. Shu sababli orolga berilgan harbiy zarba mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqqa AQSH dengiz piyoda qo‘shinlarining 5 ming nafargacha bo‘lgan qo‘shimcha kontingentini, shuningdek, bir nechta harbiy kemalarni jo‘natishni ma’qullagandi.