AQSH Eron yadroviy ob’ektlariga zarba bermoqchi 

Olam

image

Erondagi tartibsizliklar kuchayib borayotgan bir paytda, Pentagon AQSH prezidenti Donald Trampga “12 kunlik urush” vaqtida berilgan zarbalardan-da kengroq qamrovdagi variantlarni taqdim etdi. Bu haqda “Israel Hayom” nashri “The New York Times”ga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, Donald Tramp Eron masalasida ikki yo‘nalishli strategiyani qo‘llamoqda: bir tomondan diplomatik yo‘llarni izlamoqda, ikkinchi tomondan namoyishchilarga qarshi keskin choralarni to‘xtatish maqsadida harbiy zarbalarni ko‘rib chiqmoqda. Pentagon vakillari Oq uyga Eronning yadro infratuzilmasi va ballistik raketa bazalarini nishonga olish imkoniyatlarini taqdim etganini aytishgan. 

Biroq manbaga ko‘ra, keng qamrovli hujumlarning bo‘lish ehtimoli cheklangan javoblar, masalan kiberurush yoki ichki xavfsizlik organlariga nishonli zarbalarning amalga oshirilishiga nisbatan kamroq. 

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt havo zarbalari “ko‘plab variantlardan biri” ekani, lekin diplomatiya doimo birinchi variant ekanini aytgan. U shuningdek, Tehrondan kelayotgan xabarlar jamoatchilikdagi bayonotlardan keskin farq qilishi mumkinligini bildirgan.

“Siz Erondan eshitayotgan gaplaringiz, ma’muriyatga shaxsiy ravishda kelayotgan xabarlardan keskin farq qiladi. Prezident bu xabarlarni sinchiklab o‘rganib chiqmoqda”, degan u. 

Ma’lumki, Tramp 11 yanvar kuni Tehron “qizil chiziqni” kesib o‘tganini bildirgan edi.

“Ba’zi odamlar o‘lishi kerak emas edi, lekin ular halok bo‘lmoqda. Bu zo‘ravonlar – ularni yetakchilar deb atash mumkinmi, men bilmayman. Menimcha, ular zo‘ravonlik bilan hukmronlik qilmoqda. Ammo biz bu masalani jiddiy ko‘rib chiqyapmiz. harbiylar ham ko‘rib chiqmoqda. Bizda bir necha variantlar mavjud”, degan Tramp.  

Prezident shuningdek, Eron bilan savdo qilayotgan har qanday mamlakatga 25 foiz tarif solishini aytib tahdid qildi.
 
Bu esa eng ko‘p Xitoyga ta’sir qiladi. Trampning bu harakatlari aprel oyida Si Szinpin bilan bo‘ladigan uchrashuv oldidan Xitoy bilan barqarorlikni saqlashga bo‘lgan harakatlarga jiddiy putur yetkazishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron yadro tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing