AQSH Nigeriyadagi ISHID ob’ektlariga zarba berdi
Olam
−
26 dekabr 1999 2 daqiqa
AQSH harbiylari Nigeriyaning shimoli-g‘arbida joylashgan “Iroq va Shom islom davlati” (ISHID) ob’ektlariga “kuchli va halokatli” zarba berdi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social’da ma’lum qildi.
“Men bu terrorchilarni avval ham ogohlantirgandim: agar ular nasroniylarning qirg‘inini to‘xtatmasa, buning uchun qimmat narx to‘lashadi. Bugun aynan shunday bo‘ldi”, deya yozgan Oq uyga rahbari.
OAVning amerikalik rasmiyga tayanib xabar berishicha, AQSH zarbalari Nigeriya hukumatining iltimosiga binoan amalga oshirilgan.
Tramp AQSH uning rahbarligi ostida “radikal islomiy terrorizmning gullab-yashnashiga yo‘l qo‘ymasligini” ta’kidlagan.
“Xudo harbiylarimizni asrasin va barchaga Yangi yil muborak bo‘lsin, jumladan o‘lik terrorchilarga ham. Agar ular nasroniylarni o‘ldirishni to‘xtatmasa, ularning soni yanada ko‘payadi”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Ma’lumot uchun, Nigeriya rasman dunyoviy davlat bo‘lsa-da, aholisi deyarli teng taqsimlangan: taxminan 53 foizi musulmonlar, 45 foizi nasroniylar. Joriy yilda mamlakatda diniy ziddiyatlar fonida bir necha ommaviy qotilliklar sodir bo‘ldi. Aprel oyida Prezident Bola Tinubu shimolda nasroniylardan iborat qishloq xo‘jaligi jamoasiga qilingan hujumda kamida 40 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Oradan ikki oy o‘tib, huquq himoyachilariga ko‘ra, Benue shtatidagi asosan nasroniylar yashaydigan Yelvat qishlog‘ida 100 dan ortiq kishi o‘ldirilgan.
Tramp Nigeriyani “alohida xavotir uyg‘otuvchi davlat” deb atab, u yerda minglab nasroniylar o‘ldirilganini aytgan, biroq Nigeriya rasmiylari bu da’volarni rad etgan. Prezident Tinubu mamlakatni diniy bag‘rikengliksiz davlat sifatida talqin qilish haqiqatni aks ettirmasligini, hukumat vijdon erkinligini himoya qilish yo‘lida izchil choralar ko‘rayotganini ta’kidlagan. Tashqi ishlar vazirligi zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurash davom etishini va Vashington Abuja uchun yaqin ittifoqchi bo‘lib qolishiga umid bildirgan.
Nigeriyada ISHIDdan tashqari, “Boko Haram” kabi boshqa jangari guruhlar ham faoliyat yuritadi. Ularning hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH harbiylari joriy yilning 20 dekabriga o‘tar kechasi Suriyadagi ISHIDga tegishli ob’ektlarga zarbalar bergandi. Hujumlar chog‘ida jangarilar, infratuzilma ob’ektlari hamda qurol-yarog‘ omborlari nishonga olingan. “Al Hadath” telekanali ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bazalaridan uchirilgan raketalar Deyr-az-Zor, Rakka va Homs viloyatlari yo‘nalishiga qaratilgan, zarbalar qiruvchi samolyotlar va zarba beruvchi vertolyotlar yordamida ham amalga oshirilgan.
Live
Barchasi