TIV AQSH o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatishiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
15 yanvar 9031 2 daqiqa
Avvalroq, AQSH Davlat departamenti davlat byudjetiga yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan arizachilarga qarshi kurash doirasida 75 mamlakat fuqarolariga immigrant viza olish uchun arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatayotgani va bu ro‘yxatda O‘zbekiston ham borligi haqida xabar berilgan edi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov bilan bog‘landi.
Uning bildirishicha, rostdan ham O‘zbekiston yuqorida qayd etilagan ro‘yxatda bor, lekin hali hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan. O‘zbekiston fuqarolariga non-immigrant viza berish tizimi qanday ishlagan bo‘lsa, shunaqa davom etyapti.
Biroq immigrant vizalar bo‘yicha ertaga, 16 yanvar kuni AQSH tarafi qo‘shimcha ma’lumot berishi kutilmoqda.
Bungacha “Fox News” 2025 yil noyabr oyida AQSH Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab diplomatik vakolatxonalarga maxsus yo‘riqnoma yuborib, AQSH immigratsiya qonunchiligidagi “public charge” (davlat yordami hisobiga yashash ehtimoli) qoidasi doirasida konsullik xodimlaridan yanada qat’iy tekshiruv choralarini qo‘llashni talab qilgani haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot uchun, AQSHning immigratsion vizasi – bu chet el fuqarosiga AQSH hududida doimiy yashash huquqini beradigan viza turi bo‘lib, u orqali shaxs mamlakatga kirgach doimiy rezident maqomini oladi. Bunday viza AQSHda doimiy yashash, ishlash, o‘qish va qonun doirasida biznes yuritish imkonini beradi hamda kelajakda AQSH fuqaroligini olish uchun murojaat qilish huquqini yaratadi. Immigratsion vizalar bir necha asosiy toifalarga bo‘linadi:
- AQSH fuqarolari yoki doimiy rezidentlarning yaqin qarindoshlari uchun mo‘ljallangan;
- ish asosidagi vizalar – AQSH ish beruvchisining taklifi asosida malakali mutaxassislar, investorlar va boshqa kasb egalari uchun beriladi;
- Diversity Visa dasturi (Green Card lotereyasi) immigratsiya darajasi past bo‘lgan davlatlar fuqarolari uchun tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston ham ushbu ro‘yxatga kiradi;
- shuningdek, diniy xodimlar, qochqinlar, boshpana olgan shaxslar va AQSH manfaatlariga xizmat ko‘rsatgan ayrim toifalar uchun maxsus immigratsion vizalar mavjud.
Immigratsion viza noimmigratsion vizalardan farq qiladi, chunki u vaqtinchalik emas, balki AQSHda doimiy yashashni ko‘zda tutadi.
AQSH joriy etayotgan pauza noimmigratsion viza – vaqtinchalik (turizm, o‘qish, ish safari, davolanish va boshqalar) vizalarga taalluqli emas.
Arizalarni ko‘rib chiqish joriy yil 21 yanvardan boshlab to‘xtatiladi. Qayd etilishicha, vazirlik viza berish tartibini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytda pauza “noaniq muddatga” davom etadi.
Live
Barchasi