AQSH urushni tanladi – Pezeshkiyon (video)
Olam
−
15:34 5612 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH muzokaralarni davom ettirish uchun “kamsituvchi shartlar” qo‘yayotganini va Eron bunday shartlarni qabul qilmasligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Eron na tahqirga, na zaiflikka yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda u Tehronda bo‘lib o‘tgan, siyosiy elita vakillari, taniqli jamoat arboblari va partiya kotiblari ishtirokidagi uchrashuvda so‘z ochdi.
Prezident sanksiyalar masalasiga to‘xtalar ekan, Eron ilgari AQSH bilan muzokaralar olib borgani va kelishuvga tayyor bo‘lganini, biroq Vashington urush yo‘lini tanlab, bitimni buzganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir AQSH muzokaralarni davom ettirish uchun Eronni kamsituvchi shartlarni ilgari surmoqda va u bunday takliflarni qabul qilmaydi.
Pezeshkiyon Eron qarama-qarshilikka intilmasligini, Tehron bir necha bor yadro quroli yaratmasligini e’lon qilganini va har qanday tekshiruvga tayyor ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u qarshi tomon Eronni ta’sir vositalaridan mahrum etish va mamlakatni sionistik rejim qarshisida zaiflashtirishga urinayotganini bildirgan.
Prezidentning aytishicha, Eron tinchlik tarafdori, ammo qo‘rqitish va bosimni qabul qilmaydi. U Eron tashqi siyosatida munosib hamkorlik bilan majburiy bo‘ysunish o‘rtasida aniq chegara borligini qayd etgan.
Pezeshkiyon agar boshqa tomon Eronning yadro quroliga ega bo‘lishidan chin dildan xavotirda bo‘lsa, muzokaralarga tayyor ekanini aytgan. Biroq u Eronning mudofaa raketa salohiyati bo‘yicha har qanday muhokamani qat’iyan rad etgan.
Shuningdek, Prezident hukumat tinchlik, mintaqaviy barqarorlik va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni maqsad qilganini, ammo kamsituvchi talablarni hech qachon qabul qilmasligini ta’kidlagan.
U hukumat a’zolarining saylovlarda ishtirok etishga chaqiruvi rejalashtirish yetishmasligidan dalolat beradi, degan fikrlarni inkor etib, aniq strategik dasturlar mavjud va ular bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini bildirgan.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qo‘shni davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda tuzilmaviy nomutanosibliklarni bartaraf etish sohalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mas’ud Pezeshkiyon Tehron o‘zining yadroviy inshootlarini “katta kuch bilan” qayta tiklashi, biroq mamlakat yadroviy qurolga intilmasligini aytgandi.