AQSH Venesuela muvaqqat prezidentidan sanksiyalarni olib tashladi
Olam
−
02 aprel 1891 2 daqiqa
AQSH rasmiylari Nikolas Maduro ag‘darilganidan keyin uning o‘rnini egallagan Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodrigesni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) press-relizida aytiladi.
Rodrigesning ismi “alohida sanksiyalar ostidagi shaxslar” ro‘yxatidan g‘oyib bo‘lgan. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan shaxslarning AQSH hududidagi aktivlari muzlatiladi, ularga mamlakatga kirish taqiqlanadi, AQSH fuqarolari va rezidentlariga esa ular bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish man etiladi.
OFAC press-relizida bunday qarorning tafsilotlari keltirilmagan. Oq uy esa buni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlardagi ilgarilash belgisi deb atagan.
“Prezident Tramp aytganidek, Delsi Rodriges o‘z ishini a’lo darajada bajarmoqda va Qo‘shma Shtatlar bilan juda yaxshi hamkorlik qilmoqda. Ushbu qaror ikki davlatning barqarorlikka ko‘maklashish, iqtisodiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlash va Venesuelada siyosiy yarashuvni ilgari surish borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarining natijasini aks ettiradi”, deyiladi Oq uy vakili Anna Kelli bayonotida.
AQSH Prezidenti ma’muriyatining yana bir vakili CBS News telekanaliga bergan intervyusida, bu qadam “bizning Venesuela muvaqqat hukumati bilan hamkorlik qilish qarorimizni ifodalaydi”, deb aytgan.
Muvaqqat prezidentdan sanksiyalarning olib tashlanishi AQSH va Venesuela o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishdagi so‘nggi qadamlardan biridir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyi boshida Donald Tramp Vashington Venesuelaning hozirgi hukumatini rasman tan olganini ma’lum qilgan edi. 30 mart kuni esa AQSH Davlat departamenti 2019 yilda yopilgan Karakasdagi Amerika elchixonasi yetti yildan so‘ng o‘z faoliyatini qayta tiklashini e’lon qildi.
Live
Barchasi