AQSH viza suhbati uchun pullik xizmatni joriy etadi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti biznes va sayyohlik vizasi olishni istovchilar uchun yangi pullik xizmatni ishga tushirmoqda. Unga ko‘ra, arizachilar qo‘shimcha 750 dollar to‘lash evaziga viza suhbatiga ancha tezroq yozilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Yangi dastur joriy yilning 1 iyulidan 31 dekabrigacha amal qiladi. Xizmatdan foydalangan shaxslar AQSHning ayrim elchixona va konsulliklarida to‘lov amalga oshirilganidan keyin 10 kun ichida suhbat sanasini olishi mumkin bo‘ladi. Bunda 750 dollarlik to‘lov amaldagi 185 dollarlik viza yig‘imidan tashqari undiriladi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda AQSHga kirish tartibining murakkablashishi viza rasmiylashtirish jarayonlarida kechikishlarga sabab bo‘lgan. Ayrim davlatlar fuqarolari uchun qo‘shimcha tekshiruvlar joriy etilgan, oqibatda ko‘plab mamlakatlarda viza suhbatini kutish muddati bir necha oyga cho‘zilgan. Yangi xizmat ushbu muammoni qisman bartaraf etishga qaratilgan. Biroq qo‘shimcha to‘lov viza berilishini kafolatlashini anglatmaydi. Ushbu to‘lov faqat suhbat jarayonini tezlashtirishga yordam beradi. Arizachilar odatdagi tartibda tekshiruvdan o‘tadi va yakuniy qaror konsullik xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Davlat departamenti tezlashtirilgan xizmat qaysi elchixona va konsulliklarda joriy etilishini dastur boshlanishidan oldin e’lon qilishi kutilmoqda. Rasmiylar talab yuqori bo‘lsa, loyihaning amal qilish muddati uzaytirilishi mumkinligini ham ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Boston shahridagi federal sudya Donald Tramp tomonidan joriy etilgan yangi H-1B vizalari uchun 100 ming dollarlik to‘lovni bekor qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

viza suhbat pullik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing