AQSHda 30 dan ortiq mashina avtohalokatga uchradi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
17:56 1197 1 daqiqa
Joriy yilning 17 fevral kuni AQSHning Kolorado shtatida kuchli shamol oqibatida 30 dan ortiq avtomobil ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda shtat politsiyasiga tayanib, “The New York Post” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ommaviy YTH Pueblo yaqinidagi federal avtomagistralda sodir bo‘lgan. Halokatga bir nechta yuk mashinalari, hayvon tashish uchun mo‘ljallangan tirkamali pikaplar va yengil avtomobillar qo‘shilgan.
Kolorado shtati yo‘l-patrul xizmati mayori Brayan Layonsning so‘zlariga ko‘ra, turli transport vositalarida bo‘lgan 4 kishining halok bo‘lgani tasdiqlangan. Yana kamida 29 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan.
Qayd etilishicha, 30 ta avtomobil to‘qnashuvi noqulay ob-havo sharoitida, jumladan, kuchli shamol tufayli yuz bergan. Shamol chang-to‘zon ko‘tarib, harakatlanish uchun xavfli vaziyatni yuzaga keltirgan hamda yo‘lning ayrim qismlarida elektr ta’minotining qisman uzilishiga sabab bo‘lgan.
“Ko‘rish darajasi deyarli nolga teng edi”, deydi Layons.
Avtomobillardan birida 32 ta echki ortilgan tirkama ham bo‘lgan: ulardan 4 tasi nobud bo‘lgan, qolganlari esa xavfsiz evakuatsiya qilingan. Hozirda ommaviy YTH yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Michigan shtatidagi avtomagistralda muzlama sababli 100 dan ortiq avtomobil to‘qnashib ketgandi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 19 kishi jarohat olgan.
Live
Barchasi