AQSHda dinozavr “mumiyolari” topildi

Bu qiziq

image

AQSHning Vayoming shtatida Chikago universiteti olimlari 66 million yil avval yashagan Edmontosaurus annectens turiga mansub ikki dinozavr qoldiqlarini topdi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Science” jurnalida chop etildi.

Ma’lum qilinishicha, mumiyo atamasi shartli ishlatilgan – asl biologik to‘qimalar saqlanmagan, biroq hayvon jasadi o‘limidan so‘ng atigi 0,25 millimetr qalinlikdagi loy qatlami bilan qoplanib, uning shaklini mukammal tarzda “muhrlab” qolgan.

Topilma shu qadar yaxshi saqlanganki, hatto teri tuzilmasi va yumshoq to‘qimalarning izlarini ham ko‘rish mumkin. 

“Bu g‘ayrioddiy tasodif edi – tabiat yaratgan shunchalik yupqa niqobki, uni hatto yengil shamol ham uchirib yuborishi mumkin edi”, degan tadqiqotchilar. 

Qoldiqlarni o‘rganish jarayonida olimlar mikrokompyuter tomografiyasi, rentgen spektroskopiyasi va 3D-modellashtirish usullaridan foydalangan. Natijada Edmontosaurusʼning anatomiyasi batafsil tiklangan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bu dinozavrning orqa oyoqlarida otnikiga o‘xshash uchta tuyoqsimon barmoq, bo‘ynidan dumigacha cho‘zilgan tikanli tizma va qalin tangachali teri bo‘lgan.

Bu kashfiyot dinozavrlarda tuyoq mavjudligini tasdiqlagan birinchi ilmiy dalil bo‘lgan. Shu bilan birga, topilma qadimiy sudralib yuruvchilarning tuzilishini qayta ko‘rib chiqishga turtki bergan.

Rekonstruksiya shuni ko‘rsatdiki, Edmontosaurus’ning old oyoqlari va orqa oyoqlari tuzilishi bir-biridan farq qilgan, u shu tariqa birinchi tuyoqli quruqlik hayvoni sifatida qayd etilgan.

Professorlarning ta’kidlashicha, bu topilma dinozavrlarning yumshoq to‘qimalarini o‘rganishda yangi bosqichni boshlab beradi. Ushbu metodlar boshqa qadimiy turlar anatomiyasini aniqlash va ularning zamonaviy hayvonlar bilan evolyutsion aloqalarini chuqurroq tushunishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti olimlari Tojikistonda o‘rdaktumshuq (gadrozaur turidagi) dinozavrning bosh suyagidan bir bo‘lakni topgandi.


Maqola muallifi

Teglar

dinozavr mumiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing